15-may — Xalqaro oila kuni
Oila — eng muqaddas va ulug‘ dargoh. Har bir inson shu dargohda tug‘iladi, unib-o‘sadi, tarbiya topadi. Xalqimiz azaldan oilani muqaddas dargoh sifatida e’zozlagan, qadrlagan, bu qo‘rg‘onga zavol yetmasligi uchun harakat qilgan. Zero, oilani mustahkam saqlash va boshqarish, farzandlarni el-u yurtga munosib qilib yetishtirish eng mas’uliyatli vazifadir.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekistonda 9 milliondan ortiq oila mavjud. Yiliga o‘rtacha 250-300 ming yangi oila barpo bo‘lmoqda. Yurtimizda oilalar mustahkamligini ta’minlash, yoshlarni oilaga tayyorlash borasida milliy qadriyat va an’analarimizdan kelib chiqqan holda qator sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.
Ma’lumki, 15-may har yili jahon miqyosida Xalqaro oila kuni sifatida keng nishonlanadi. Shu munosabat bilan Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Gender tenglik va xotin-qizlar masalalari bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i, “Ma’rifat” targ‘ibotchilar jamiyati a’zosi Pardaxol Norqobilova bilan oila muqaddasligi, uni asrash, qolaversa, oilaviy ajrimlarning sabab va oqibatlari haqida suhbatlashdik.
Suhbatimiz davomida oilaning inson hayotidagi o‘rni, oila mustahkamligi uchun kim ko‘proq mas’ul bo‘lishi kerakligi, qolaversa, oilaviy kelishmovchiliklar va ajrimlarning oldini olish, oilalarni mustahkamlash borasida yana nimalar qilishimiz lozimligi kabi mavzular haqida so‘z boradi.
Pardahol Norqobilova oilaning mustahkamligi ham er, ham ayolga bog‘liq ekanini, oila ma’naviy va moddiy jihatdan to‘kis bo‘lishi uchun harakat qilish lozimligini, farzandlar tarbiyasi oila muhitiga bog‘liqligini alohida ta’kidlaydi. Oilaning ma’naviy yetukligi esa kitobxonlik bilan, farzandlarga bolaligidanoq kitob o‘qib berish bilan shakllantirilishini e’tirof etadi. Shuningdek, turmush qurish oldidan yoshlarni oilaga tayyorlash lozim, deydi suhbatdoshimiz. Chunki qurilayotgan oilalar mustahkamligida, turli kelishmovchilik va ajrimlarning oldini olishda bu muhim omildir.
<iframe width="990" height="557" src="https://www.youtube.com/embed/J1_sY3jyXQo" title="Oila qoʻrgʻonining mustahkamligiga kim koʻproq masʼul?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Suhbatning to‘liq shakli bilan YouTube ijtimoiy tarmog‘idagi sahifamizda batafsil tanishishingiz mumkin.
Muhtarama Komilova, Doniyor Yakubov,
Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA