English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oila mustahkamligiga barchamiz mas’ulmiz
10:52 / 2023-12-27

Oilaga, yoshlarning nikohiga e’tibor qaratgan jamiyatda doimo sog‘lom muhit hukm suradi, tinch-totuv oilada fayz, baraka bo‘ladi. Shuning uchun mamlakatimizda ham oilalar mustahkamligini ta’minlash, ajrimlarning oldini olishga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Olib borilayotgan chora-tadbirlar, targ‘ibot tashviqot ishlariga qaramasdan oilaviy ajrimlar soni negadir kamaymayapti. Xo‘sh, nega ajrimlar, oilada nizoli holatlar vujudga kelmoqda?, oilalar mustahkamligini oshirish uchun nimalar qilish kerak?  Shu va shu kabi savollarga javob olish uchun O‘zbekiston psixologlar assotsiatsiyasi Buxoro viloyati hududiy bo‘limi rahbari Nasiba Barotova bilan suhbatlashdik.  

–Bunday holatlarning oqibatlari o‘rganilganda oilalarning ajralib ketishiga moddiy yetishmovchilik, uchinchi shaxs aralashuvi, befarzandlik, jufti haloliga xiyonat, uzoq vaqt birga yashamaslik, o‘zaro bir-birini tushunmaslik sabab bo‘layotgani oydinlashadi, – deydi psixolog Nasiba Barotova.  – Qolaversa ajralish holatlari oilalardagi kelishmovchiliklar, o‘zaro muhabbatning yo‘qligi, fe’l-atvorning to‘g‘ri kelmasligi, er yoki xotinning kasalligi, yigitlarning ichkilikbozlik, giyohvandlikka berilishi natijasida ham kelib chiqmoqda.  

Ikki, uch bolali ota va onalarning “Xarakterimiz to‘g‘ri kelmadi” degan vaj-bahona bilan ajrashish haqida qaror qabul qilayotgani, voyaga yetmagan farzandlarining kelgusidagi taqdirini o‘ylab ham ko‘rmayotgani, hayotning kichik bir zarbasiga bardosh berolmay zimmasidagi yuksak mas’uliyatni unutayotgani juda achinarli holat. Ajrimlarning yana bir jiddiy sababi o‘tkinchi hoyu-havaslar ortidan qarzga botib qolish hisoblanadi.  

Nikoh ajrimlarining sabablari o‘rganilganda aksariyat hollarda bunga birinchi navbatda kelin-kuyovlarning oilaviy hayotga tayyor emasligi sabab bo‘lmoqda. Oila psixologiyasida nikoh quruvchilarning nikoh qurish omillari va shartlari masalasi muhim hisoblanadi. Oila qurayotgan yoshlar har tomonlama yetuk bo‘lishi shart. Shaxsning psixologik yetukligi uning turli hayotiy vaziyatlar va sharoitlarni hushyor baholab olishida namoyon bo‘ladi. Yoshlarda kuzatiladigan psixologik yetuklik shaxsning boshqalarga nisbatan bo‘lgan ijobiy munosabatlari hamdardlik, hamfikrlilik, o‘zaro yordam kabilar tarzida namoyon bo‘la oladigan ma’naviy sifatlarini ham bildiradi. Yoshlar oila qurayotganlarida bu xususiyatlar hal qiluvchi bo‘lib hisoblanadi.  

Psixologik va hayotiy kuzatuvlardan ko‘rinadiki, nikohga kiruvchilarning 20 yoshdan kichikroq bo‘lishi ularda hayotiy tajriba 20-24 yoshdagilarga qaraganda kamligi, ijtimoiy iqtisodiy yetuklik darajalarining yetarli emasligi tufayli oilalarda ajralish yoki tushunmaslik, oilada turli darajada nizolarga olib kelishi mumkin ekan.  

Turmush qurish, oila tebratish va farzand tarbiyasi kabi muhim ishlarda diniy milliy an’analarimizga rioya qilish, oila va nikoh borasida davlatimiz chiqargan qonun-qoidalarga qat’iy amal qilish zarur. Afsuski, hozirgi kunda ba’zi kishilar o‘zboshimchalik bilan yuqorida aytilgan nikoh shartlari bajarilishini so‘rab-surishtirmay, boz ustiga, yoshlarga oilada er va xotinning haq-huquqlarini, taloq masalalarini tushuntirmasdan, kelin-kuyovlarga nasihat qilmasdan, yengil-yelpi sha’riy nikoh o‘qimoqda. Ular poydevori mustahkam bo‘lmagan oilalar qurilishiga sababchi bo‘lmoqda. Oqibatda ajrimlar ko‘paymoqda, bolalar tirik yetim qolib, yoshgina ayollar bir umrga baxtsiz bo‘lmoqda.  

Oilaning totuvligi bir kishiga yoki bir sababga bog‘liq emas. Buning uchun hamma kelin-kuyov ham, ota-onalar ham, oila tashqarisidagilar ham, keng jamoatchilik ham baravar jon kuydirishi kerak. Xalqimiz bolajon va oilaviy qadriyatlarni hurmat qiladi. Ikki yoshning boshini qovushtirib, bir oilani barpo qilish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Buning uchun ota-onalar, yoshi ulug‘lar ko‘pdan ko‘p maslahat va sa’y-harakatlar qilishadi. Biroq, yosh er-xotin o‘rtasidagi arzimas gap-so‘zlar va asossiz vajlar  tufayli guldek  oilaning barbod bo‘lishi, farzandlarning yetim qolishi achinarli hol. Shuning uchun ota-onalar, tegishli mahalla fuqarolar yig‘inlari vakillari, oila va xotin-qizlar bo‘limlari bu masalaga hamisha mas’uliyat bilan yondashsalar muqaddas oila qo‘rg‘oniga hech qachon darz ketmaydi.    

Suhbatni O‘zA muxbiri Zarif Komilov yozib oldi.