Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oila mustahkamligi va azaliy an’analar qadrlandi
12:33 / 2025-06-12

Nurafshon shahrida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi tomonidan Toshkent viloyati hokimligi bilan hamkorlikda “Oilalar mustahkamligini ta’minlashda “Oqila ayollar” harakatining o‘rni” mavzusida forum o‘tkazildi.

Unda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi rahbariyati va mas’ullari, Respublika “Oqila ayollar” harakati a’zolari, hamkor vazirlik va idoralar vakillari, “Oqila ayollar” harakati a’zolari, oilaviy tadbirkor ayollar qatnashdi. Ishtirokchilar tomonidan oila qadriyatini yanada mustahkamlash, unga tahdid solayotgan turli salbiy holatlarning oldini olish, farzand tarbiyasida ota-ona mas’uliyatini oshirish kabi mavzularga alohida e’tibor qaratildi. 

Bosh vazir o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova “Oqila ayollar” harakatining oilalar va mahallalarda ijtimoiy muhit barqarorligini ta’minlash, yosh oilalar, nizoli oilalar bilan manzilli ishlashda mahalla institutining yaqin hamkorligi va erishilgan natijalar haqida ma’lumot berdi. 

Hozirda mazkur harakat a’zolari 200 ming nafarga yaqinlashgan. O‘tgan qisqa vaqt ichida ular o‘zlarining boy hayotiy va amaliy tajribalari asosida yurtimizdagi minglab oilalar mustahkamlanishiga, ijtimoiy-ma’naviy muhit barqaror bo‘lishiga, sog‘lom oilalar shakllanishiga, oilalarda milliy va umuminsoniy qadriyatlar tiklanishiga katta hissa qo‘shmoqda. 

Mahallalarda barqaror ijtimoiy muhitga mas’ul bo‘lgan “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash komissiya”larining 113 mingdan ziyod a’zolari, 3 ming 700 nafardan ortiq otinoyilar, 200 mingga yaqin “Oqila ayollar” harakati a’zolari, 150 mingga yaqin Xotin-qizlar targ‘ibot guruhlari, 100 ming nafardan ortiq “Ko‘chaboshilar” bugungi kunda Oila va xotin-qizlar qo‘mitasining tayanch kuchiga aylangan.

– Bugungi forumda o‘zimizga juda zarur tavsiya va maslahatlarni oldik, – deydi Quyi Chirchiq tumanida yashovchi 64 yoshli Dilbar Rahmatova. – Mas’ullarimizga o‘z tashabbus va takliflarimizni berdik. Oddiy tol daraxti novdalaridan turli savatlar to‘qish, ayollar uchun liboslar, sumkalar tikish bilan 40 yildan beri shug‘ullanaman. Tayyorlayotgan mahsulotlarimizga ichki bozorda xaridorlar juda ko‘p. O‘g‘illarim va kelinlarimni shu kasb bilan band qilganman. Topayotgan daromadimiz ham yaxshi bo‘lyapti. Yil sayin bozor talablariga mos yangi turdagi savatlarni tayyorlashga harakat qilyapmiz. Boshqa hududlardan kelib faoliyatimizni o‘rganayotgan shogirdlarim ham bor. 

Forum davomida mutaxassislar tomonidan mavzularga oid fikr va mulohazalar bildirildi. Shu asosda yakuniy tavsiyalar ishlab chiqiladigan bo‘ldi. Jumladan, qizlar tarbiyasiga qaratilgan tadbirlarni tashkil etish, “Sog‘lom oila – sog‘lom jamiyat” g‘oyalarini targ‘ib etish, ekologik madaniyatni yuksaltirish, xotin-qizlar bandligi va tadbirkorligiga ko‘maklashish kabi yo‘nalishlar doimiy nazoratda bo‘lishi lozimligi aytildi. 

“Oqila ayollar” Forumining yana bir juda muhim ahamiyati shunda bo‘ldiki, unda “Oqila ayollar” harakati a’zolarining Murojaatnomasi o‘qib eshittirildi. 

Tadbir doirasida hunarmand ayollar ishlab chiqargan turli mahsulotlar ko‘rgazmasi namoyish etildi. 

A.Musayev, O‘zA.