Sirdaryo viloyatida joriy yilning dastlabki to‘rt oyida 457 ta oilaviy ajrim holati qayd etildi. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 16 taga kamaygan bo‘lsa-da, ayrim tuman va shaharlarda ajrimlar soni oshgan.
Xususan, Oqoltin tumanida 8 taga, Sirdaryo va Sayxunobod tumanlarida 7 taga, Yangiyer shahrida esa 4 taga ko‘paygan holat kuzatildi. Viloyat hokimi Erkinjon Turdimov rahbarligida o‘tkazilgan yig‘ilishda bu holat bo‘yicha axborot tinglandi. Yig‘ilishda oilaviy ajrimlarni oldini olish, “Oila va xotin-qizlar maskanlari”ning amaldagi faoliyati, mavjud muammolar va yechimlar tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqildi.
[gallery-23519]
Ajrim holatlari tahlil qilinganda, ularning 35 foizi bir yildan besh yilgacha birga yashagan, 65 foizi esa besh yil va undan ortiq vaqt birga hayot kechirgan juftliklarga to‘g‘ri kelishi ma’lum bo‘ldi. Bu holatda mahallada faoliyat yuritayotgan “Oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash bo‘yicha” komissiyalar ishi yetarlicha samara bermayotgani ta’kidlandi.
Misol tariqasida, Sirdaryo tumanining Mirzo Ulug‘bek va Xazina, Oqoltin tumanining Ko‘rkam diyor, Guliston shahrining Bo‘ston hamda Xovos tumanining Farhod va Gulbahor mahallalarida ajrimlar soni yuqori darajada saqlanib qolayotgani qayd etildi.
E.Turdimov, shuningdek, “Oila va xotin-qizlar maskanlari”ning asosiy vazifasi, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash ekanini eslatib, ayrim hududlarda bu vazifa bajarilmayotganini aniq misollar asosida ko‘rsatib o‘tdi. 2025 yilning 4 oyi mobaynida viloyatda 1 881 juftlik nikoh arizasi topshirgan bo‘lib, ulardan faqat 889 juftlik o‘quv kurslariga jalb etilgan. Ayrim tumanlarda esa bu ko‘rsatkich yanada past.
Yig‘ilish yakunida viloyat rahbari barcha tuzilmalar o‘rtasida samarali hamkorlikni kuchaytirish, yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlashni tizimli tashkil etish hamda mahalliy ehtiyojlardan kelib chiqib maxsus dasturlar ishlab chiqish zarurligini ta’kidladi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/KwxPe-AJblw" title="Oila muqaddas, uni asrash mushkul ish emas" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>G‘ulom Primov, Shahriyor Ortiqboyev (surat) O‘zA muxbirlari.