15 oktyabr – Xalqaro qishloq ayollari kuni
Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘ini hisoblanadi. Oila qanchalik mustahkam bo‘lsa, jamiyat shu qadar farovon va barqaror bo‘ladi. Jamiyat, oila va shaxs bir-birisiz mukammal, baxtiyor bo‘la olmasligi hayotiy haqiqat. Shu ma’noda oilaning jamiyatdagi o‘rni va rolini oshirish, mustahkamligini ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi.
Yurtimizda, xususan, Andijon viloyatida oilalarni mustahkamlash, yosh oilalarni qo‘llab-quvvatlash, oiladagi ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash, ajrim yoqasidagi oilalarni yarashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligiga qaramasdan keyingi paytlarda viloyatda ajrimlar soni ortib borayotganligi keng jamoatchilikni jiddiy tashvishga solmoqda.
Ayni kunda 3,5 million nafarga yaqin viloyat aholisi 791,5 mingdan ortiq oila tarkibida istiqomat qiladi. Ushbu oilalarning qariyb 330 mingga yaqinini yosh oilalar tashkil etadi. Har yili viloyatda 10 mingga yaqin yangi oila barpo bo‘lmoqda. Birgina 2023 yilning 8 oyi davomida 6,5 ming 534 ta nikoh ro‘yxatga olindi. Shu bilan birga, ana shu davr davomida 2 mingdan ortiq ajrim qayd etilgan.
Oilaviy ajrimlar Andijon shahri, Asaka, Shahrixon, Qo‘rg‘ontepa va Izboskan tumanlarida yuqori ekanligini ta’kidlash joiz.
Tahlillarga ko‘ra, ajrimlarga asosan farzandsizlik, oilaviy kelishmovchiliklar, oilaga uchinchi shaxslarning aralashishi, uzoq vaqt birga yashamaslik, iqtisodiy yetishmovchiliklar, qonuniy nikohni bekor qilmasdan boshqa oila qurish holatlari sabab bo‘lmoqda.
Ajrashib ketgan oilalarning ko‘pchiligini yosh oilalar tashkil etadi. Yosh oila boshliqlari aksariyat holatlarda oilani mustaqil boshqarish, daromad topish salohiyatiga ega emasligi, kelinlarning esa oilaviy hayotga tayyormasligi ko‘rinib qolmoqda. Bundan tashqari, yosh oila hayotiga qaynona, qaynota va oilaning boshqa a’zolari aralashishi ham ko‘plab oilalarning ajrashishiga sabab bo‘layotir.
Yuqoridagi kabi oila bilan bog‘liq salbiy holatlarning, ajrimlarning oldini olish maqsadida viloyat hokimining tashabbusi bilan Andijonda oktyabr – “Oilalarni mustahkamlash oyligi” deb e’lon qilindi. Oylik doirasida “Farzandingni ota-ona mehridan mahrum etma!” shiori ostida qator targ‘ibot, ajrashish arafasida turgan oilalarni yarashtirish tadbirlari o‘tkazilmoqda.
– Oila, onalar va bolalar davlatimiz himoyasida ekanligi hech birimiz unutmasligimiz lozim, – deydi Andijon viloyati hokimining o‘rinbosari– Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Gulnoraxon Abdullayeva. – Shu ma’noda bugun yurtimizda bo‘lgani kabi viloyatimizda ham oila manfaatlarini himoya qilish, oilalarni qiynayotgan muammo va nizolarni bartaraf etish, ayniqsa, ajrimlarning oldini olish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, “Farzandingni ota-ona mehridan mahrum etma!” shiori ostida o‘tkazilayotgan yarashtirish tadbirlari ana shu yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishga xizmat qilmoqda.
Oylik doirasida Oila va xotin-qizlar boshqarmasi, hamkor tashkilotlar vakillari, “Oqila ayollar” harakati, “Qaynonalar maktabi” faollari, imom-xatiblar, otinoyilardan tuzilgan Ishchi guruh tomonidan belgilangan grafik asosida barcha tuman va shaharlarda targ‘ibot va yarashtirish tadbirlari o‘tkazilmoqda. Ayni kunga qadar ana shunday tadbirlar Andijon, Xonobod shaharlarida Andijon, Asaka, Baliqchi va Buloqboshi tumanlarida bo‘lib o‘tdi.
Ana shu tadbirlarda viloyat ishchi guruhi tomonidan ajrim yoqasida turgan 159 ta oila vakillari bilan suhbatlar o‘tkazildi. Suhbat va tushuntirish ishlari natijasida 70 ta oila yarashtirildi. Bundan tashqari, oylik doirasida oilalarni yarashtirish bo‘yicha tuman va shaharlarda tashkil etilgan ishchi guruhlar tomonidan ajrim yoqasidagi 371 ta oila muhokama qilinib, ularning 220 tasi yarashtirildi. Yarashtirilgan oilalarning 96 tasi 30 yoshgacha bo‘lgan yosh oilalardir.
Asaka tumanida yashovchi Q.I. ikki marotaba uylangan. Birinchi xotinidan 2 nafar, ikkinchi oilasidan 1 nafar farzandi bor. Ming afsuski, hozir uning farzandlari otasiz ulg‘aymoqda. Bunga sabab uning onasidir. Ona kelinlari bilan murosa qilmagan, qaynonalik burchi, mas’uliyatini his etmaydi. “Farzandingni ota-ona mehridan mahrum etma!” shiori ostida o‘tkazilayotgan yarashtirish tadbirlarida oilalar buzilishiga sababchi bo‘layotgan bu kabi uchinchi shaxslarga nisbatan jamoatchilik ta’sir choralarini kuchaytirish zarurligi alohida qayd etilmoqda.
Ishchi guruh a’zolari, ko‘pni ko‘rgan, katta hayotiy tajribaga ega onaxonlarning qaynona va kelinlar bilan bevosita suhbatlarda o‘rtalaridagi ziddiyatlar ularning har ikkisini ruhiy stress holatiga tushirib qo‘yishi, oilaning muqaddasligi, qaynona farzandlarining baxtli bo‘lishi, kelin esa oilasini asrab qolishi, farzandining tirik yetim bo‘lib qolmasligi uchun har qanday qiyinchiliklarni yengib o‘tishi muhimligi, buning uchun ular, eng avvalo, kechirimli bo‘lishi kerakligi tushuntirilmoqda.
Oilaviy ajrimdan, eng avvalo, ayol, voyaga yetmagan go‘daklar aziyat chekmoqda. Oilada kelishmovchiliklar yuzaga kelsa, er ayolni farzandlari bilan ota-onasining uyiga haydab yubormoqda. Oilasi buzilgan aksariyat erkaklar ayolining, farzandlarining moddiy ta’minoti, ruhiyati, tarbiyasiga, ming afsuski, e’tibor qaratmayapti. Yanada achinarlisi esa, u ko‘p vaqt o‘tmay, shar’iy nikoh bilan boshqa ayolga uylanib olmoqda.
[gallery-13973]
Tahlillarga ko‘ra, turmushi buzilgan ayollarning 50 foizdan ortig‘i o‘rta hol yoki kam ta’minlangan, yashash sharoiti og‘ir oila farzandlari. Qizning ajralib, ota uyiga kelib qolishi o‘sha oilalardagi muammolarni yanada ko‘paytirmoqda. Qolaversa, ajrashgan ayol farzandlarini boqish, uy-joy qilish ilinjida xorijiy davlatlarga ishlagani ketmoqda yoki yengil-yelpi, noqonuniy yo‘llar bilan pul topishga harakat qilmoqda. Bu, albatta, odam savdosi, ayollar ishtirokidagi jinoyatlarning ortishiga, farzandlar tarbiyasiga, oilalardagi ma’naviy muhit barqarorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgani ham bor gap.
– Bu kabi holatlar mazkur yo‘nalishdagi targ‘ibot ishlarini yanada kuchaytirishni taqozo etadi, – deydi viloyat bosh otinoyisi Shoiraxon Qosimova. – Jumladan, oilaviy mojarolar bilan bog‘liq salbiy holatlarning oldini olish, qonuniy nikohi bekor bo‘lmasdan turib shar’iy nikoh bilan boshqa oila qurib olayotgan, ana shu holatni bilaturib, unga shar’iy nikoh o‘qiyotgan imomlarga nisbatan qat’iy choralar ko‘rish, ta’lim muassasalarida, mahallalarda yoshlarni oilaviy hayotga tayyorlash, muammoli oilalar bilan ishlash borasidagi ishlarni yanada kuchaytirishimiz lozim.
Bu borada tuman, shahar hokimlari, sektor rahbarlari, oila va xotin-qizlar bo‘limlari, mahalla fuqarolar yig‘inlari, yig‘inlar qoshidagi Yarashtirish komissiyasi, “Qaynonalar kengashi” jamoatchilik tuzilmalari raislari, xotin-qizlar faollari, imomlar, otinoyilar, umuman, keng jamoatchilikning mas’uliyatini kuchaytirish, ularning hamkorligini mustahkamlash, shubhasiz, mazkur yo‘nalishdagi ishlar natijadorligini oshiradi.
Muxtasar aytganda, viloyatda o‘tkazilayotgan mazkur oylik oilalarni mustahkamlash, oiladagi ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash borasidagi ishlar samaradorligini oshirishga, ajrashish ostonasida turgan ko‘plab oilalarni tiklanishiga yordam bermoqda.
Andijonda “Oilalarni mustahkamlash oyligi” doirasidagi tadbirlar davom etmoqda.
Faxriddin Ubaydullayev, Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari