Andijon viloyati Xo‘jaobod tumanida “Oila – muqaddas dargoh” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
15-may -- Xalqaro oila kuni munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi" bosh g‘oyasi asosida tuman hokimligi, tuman oila va xotin-qizlar bo‘limi tomonidan tashkil etilgan tadbirda tumandagi mahallalarda ish olib borayotgan xotin-qizlar faollari, “Oqila ayol” harakati a’zolari, otinoyilar, ibratli oilalar vakillari, yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir ochilishida so‘z olganlar tomonidan mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan oilalarni mustahkamlash, qo‘llab-quvvatlash, oilaning jamiyatdagi o‘rni, roli va nufuzini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Oila hayotning abadiyligini, avlodlar davomiyligini ta’minlaydigan, muqaddas urf-odatlarimizni saqlaydigan, shu bilan birga, yosh avlodning munosib insonlar bo‘lib voyaga yetishiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan muqaddas maskandir. Agar oila sog‘lom va mustahkam bo‘lsa, jamiyat farovon, yurt tinch va obod bo‘ladi.
-- Bugungi kunda tumanimizdagi 39 ta mahallada 34 mingga yaqin oila mavjud, - deydi tuman hokimining o‘rinbosari, oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Maloxatxon Sapiyeva. -- Oilalarimiz qanchalik barqaror, mustahkam bo‘lsa, jamiyatimiz yuksalib boraveradi. Shu ma’noda o‘tkazilgan tadbirning asosiy maqsadi ham oilalarni yanada mustahkamlash, bu boradagi ilg‘or tajribalarni ommalashtirish, namunali oilalarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Tadbir doirasida “Ibratli oila” tanlovining tuman bosqichi g‘oliblari taqdirlandi.
Har bir sektordan bittadan oila ishtirok etgan tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, Nishobbo‘yi mahallasida yashovchi Xolmo‘min va Sohibaxon Xolmatovalar oilasi birinchi o‘ringa sazovor bo‘lib, tanlovning viloyat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
[gallery-17431]
Tanlovda ikkinchi o‘rin Solpi mahallasida yashovchi Bahodirjon Rahmonov va Odinaxon Holmatova oilasiga, uchinchi o‘rin esa Beshkaram mahallasida yashovchi Ne’matilla Burxonov va Xolisxon Bozorova oilasiga nasib etdi.
Tanlovning g‘olib va sovrindorlari tashkilotchilar tomonidan rag‘batlantirildi.
F. Ubaydullayev,
Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari