Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oila muammolariga faqat jamoatchilik yordami bilan yechim topish mumkin
19:02 / 2020-07-10

Hatto bu cheklovlarni turli yoʻllar bilan chetlab oʻtish holatlari ham, afsuski, uchrab turibdi.


Yurtdoshlarimiz orasida koronavirus kasalligining qayta avj olishiga avvalo, beparvoligimiz, karantin choralarining yumshatilishi ortidan joriy qilingan yengilliklarni notoʻgʻri talqin qilib, oʻrnatilgan tartib-qoidalarga jiddiy eʼtibor bermay qoʻyganligimiz asosiy sabab boʻlmoqda. Hatto bu cheklovlarni turli yoʻllar bilan chetlab oʻtish holatlari ham, afsuski, uchrab turibdi.

Kecha Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligida tizim faoliyatiga oid qator masalalar muhokamasiga bagʻishlab oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishi avvalida, aholi orasida koronavirus kasalligining keng tarqalish sabablari tahlil etilar ekan, eng birinchi navbatda, baʼzi yurtdoshlarimizning oʻrnatilgan karantin tartib-qoidalariga amal qilmayotgani, bu oʻrinda mahallalar tomonidan yoʻl qoʻyilayotgan kamchiliklar keskin tanqid qilindi.

— Misol sifatida tibbiy niqob taqish borasidagi qoidaga baʼzi fuqarolarning beparvoligi va masʼuliyatsizligi bugun kasallikning tez surʼatlarda tarqalishiga zamin boʻlmoqda, desak mubolagʻa boʻlmaydi, — deydi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vaziri Rahmat Mamatov. — Qolaversa, mamlakatimizda oʻtkaziladigan toʻy va boshqa marosimlarda 30 nafar kishi qatnashishi qatʼiy talab sifatida belgilangan boʻlsada, joylardagi oilaviy tadbirlarda 50, 60, hatto, 100 nafarga yaqin odam ishtirok etgani, bozorlar, savdo doʻkonlari, jamoat transportlarida koʻpchilik tomonidan karantin qoidalariga mutlaqo rioya qilinmayotgani xavfli xastalikning keng tarqalishi hamda mamlakatimizdagi epidimologik holatning yana-da jiddiy tus olishiga sabab boʻldi.

R.Mamatov misol sifatida 7-iyul kuni Yunusobod tumanidagi “Gʻayratiy” mahallasida bitta oila 30 kishilik cheklovga rioya qilish maqsadida bir kunda uch marta toʻy qilgani, natijada 79 kishi koronavirus kasalligini yuqtirib olganligini keltirib oʻtar ekan, bu holatga mahalla vakillari kuzatuvchi sifatida jim qarab turganligi, mahalla aholisi orasida tushuntirish ishlari yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmaganligini tanqid qilib, tuman mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimi faoliyatini qoniqarsiz baholadi.

Yigʻilishda bu boradagi mavjud ahvolni oʻzgartirish uchun avvalo jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, buning uchun xalqimizga oilamiz va farzandlarimiz salomatligi va hayoti biz uchun eng ulugʻ boylik ekanligi, bu oʻta muhim masalada befarq boʻlib, karantin talablarini buzish barchamizni birdek xavotirga solishi haqida muntazam tushuntirish ishlari olib borish zarurligi taʼkidlab oʻtildi.

Shuningdek, joriy yilning 10-iyuldan 1-avgustga qadar karantin qoidalari kuchaytirilishi munosabati bilan Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi oldiga mutasaddi tashkilotlar bilan birgalikda bajarilishi lozim boʻlgan vazifalar ijrosi haqida soʻz yuritildi. Buning uchun fuqarolar yigʻini vakillari orqali oilalarda shaxsiy gigiyena va sanitariya qoidalariga qatʼiy amal qilish, uy sharoitida karantin oʻtayotgan fuqarolar belgilangan qoidalarga rioya qilishlari haqida aholi orasida tushuntirish ishlarini amalga oshirish, mahalla xodimlari, koʻcha va uy boshilarning shaxsiy masʼuliyati va javobgarligini oshirish zarurligi alohida taʼkidlandi.

Yigʻilishda oilalardagi muhitni yaxshilash, ayniqsa, oilaviy ajrimlar borasida olib borilayotgan ishlarda mahallaning oʻrni sezilmayotgani keng muhokama qilindi. Jumladan, joriy yilning 5 oyi davomida yurtimiz boʻylab 9 465 ta oilaviy ajralishlar qayd etilib, ajralish yoqasiga kelib qolgan oilalar soni esa 13 188 tani, noqonuniy nikoh asosida yashayotganlar 8 996 tani tashkil etayotgani aytib oʻtildi. Eng achinarlisi, ajralishlar oqibatida shu yilning oʻzida mamlakatimiz boʻyicha 7 ming 751 nafardan ortiq voyaga yetmaganlar ota yoki ona mehridan mahrum boʻlgan. Tahlillarga koʻra,eng salbiy koʻrsatkichlar Toshkent shahri, Sirdaryo, Navoiy, Andijon, Toshkent viloyatlariga toʻgʻri keladi.

R.Mamatov mavjud muammoga faqatgina jamoatchilik yordami va koʻmagi bilan yechim topish mumkinligiga urgʻu berar ekan, jumladan, shunday dedi:

– Soʻnggi tahlillarga koʻra, ajrimlarning aksariyati oilaviy munosabatlarga ota-ona va boshqa qarindoshlarning nooʻrin aralashuvi, er va xotin xarakterining oʻzaro mos kelmasligi yoki zararli odatlarga ruju qoʻyish kabi salbiy holatlar natijasida roʻy bermoqda. Bu esa mazkur muammolarni oldini olish va yechim topishda yoshi katta insonlarning ishtiroki kundan kun kamayib borayotganligini, buning natijasida yoshlar orasida his-tuygʻularga berilib notoʻgʻri qaror chiqarish holatlari, afsuski, uchrab turganligini koʻrsatib turibdi.

Turmushimizda uchrayotgan shu kabi ijtimoiy va maishiy muammolarga yechim topishda, biz, avvalo bobo-buvilarimiz koʻmagi, ularning pand-nasihatlari, hayotiy oʻgitlariyu katta tajribalaridan samarali foydalanishimiz zarur.

Yigʻilish davomida aholining ehtiyojmand qatlamlarini kambagʻallikdan chiqarish, mahalla va xonadonlarni obodonlashtirish boʻyicha Vazirlik tomonidan joylarda olib borilayotgan ishlar tahlil etilib, zarur topshiriqlar berildi.

Yigʻilish soʻnggida mahalla va xonadonlardagi obodonlashtirish ishlarini namunali tashkil etish, ajrashishlarning oldini olish, aholini ijtimoiy himoya qilish boʻyicha barcha vazifalar ijrosini samarali olib borish uchun, avvalo, mahalla xodimlari masʼul ekanligi yana bir bor taʼkidlab oʻtildi.

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash
vazirligi Matbuot xizmati