Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oila – jamiyat poydevori
17:31 / 2025-05-16

Jizzax viloyatining shahar va tumanlarida Xalqaro oila kuni munosabati bilan o‘tgan ma’naviy-ma’rifiy, madaniy, sport va boshqa turli tadbirlarda oilaning jamiyatdagi o‘rni va ahamiyati, oilaviy qadriyatlarni asrash, mehr-oqibat muhitini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratish lozimligi alohida ta’kidlandi.

Forish tumanida tashkil etilgan tadbirda esa 7 ta eng namunali oilaga “Ibratli oila” ko‘krak nishonlari va tuman hokimligining tashakkurnomasi hamda esdalik sovg‘alari topshirildi. 

– Oila – inson hayotidagi eng muqaddas va bebaho dargoh, – deydi Forish tumani hokimi Ikrom Matiyev. – Inson aynan shu muhitda tarbiya topadi, shakllanadi va jamiyatga munosib a’zo bo‘lib ulg‘ayadi. Oila – jamiyatning poydevori, xalqimiz esa azaldan oilani muqaddas, e’zozli qadriyat sifatida ulug‘lab keladi. Oila – bu bizning osoyishta makonimiz, tayanchimiz va katta hayot yo‘liga qadam qo‘yishimizda madadkor oshyonimizdir. 

Zomin tumanida ham maktab va maktabgacha ta’lim bo‘limi tasarrufidagi davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari o‘rtasida ushbu sana munosabati bilan “Mening oilam” nomli sport musobaqasi tashkil etildi. Tadbirda bog‘cha tarbiyalanuvchilari onalari bilan birgalikda ushbu sport bellashuvlarida faol ishtirok etdi.

Musobaqa jarayonida ishtirokchilar ko‘tarinki kayfiyat va jismoniy faollikni namoyon etdilar. Yakunda esa tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.

Shuningdek, Zomin tuman axborot-kutubxona markazi tomonidan tashkil etilgan “Oila – jamiyat ustuni” mavzusidagi chellenjda esa mahalla fuqarolari va turli tashkilotlar xodimlari faol ishtirok etganini ham alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Bu kabi chellenjlar oila va jamiyat o‘rtasidagi aloqani mustahkamlab, ijtimoiy mas’uliyatni oshirish va hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari