Poytaxtimizda «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti huzurida «Oila demografiyasi» ilmiy-o‘quv laboratoriyasining ochilishiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mazkur laboratoriya BMTning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA), O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qo‘mitasi, «Oila va xotin-qizlar» ilmiy tadqiqot instituti hamkorligida tashkil etildi.
Tadbirda «Oila va xotin-qizlar» ilmiy-tadqiqot instituti direktori, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Nodira Egamberdiyeva, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova, BMT Aholishunoslik jamg‘armasining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Florens Bauyer va boshqalar ishtirok etdi.
Sir emaski, bugungi kunda dunyo aholisi muttasil oshib bormoqda. Bu esa muayyan mamlakatdagi demografik jarayonlarni to‘g‘ri tahlil va monitoring etish, istiqbolni belgilashda muhim ahamiyat kasb etadi. E’tiborga molik jihati, O‘zbekistonda aholi, ayniqsa, oilalar, xotin-qizlarni kuchli ijtimoiy himoyalashga oid bir qator dasturlar hayotga muvaffaqiyatli joriy etilmoqda.
– Bugun jahondagi demografik vaziyat yangi tahdidlarni yuzaga keltirmoqda. U taraqqiyotning turli rivojlanish mezonlariga ta’sir ko‘rsatadi. Demografik o‘zgarishlarga tayyor turish, monitoring olib borilishi zaruratini vaqtning o‘zi ko‘rsatmoqda. Demografik siyosatning rivoji bo‘yicha yurtingiz mintaqada boshqa mamlakatlar uchun ham ibratdir, – dedi BMT Aholishunoslik jamg‘armasining Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy direktori Florens Bauyer.
Prezidentimizning 2022 yil 7 martdagi «Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoni bilan tasdiqlangan 2022-2026 yillarda xotin-qizlarning mamlakat iqtisodiy, siyosiy va ijtimoiy hayotining barcha jabhalarida faolligini oshirish Milliy dasturining tegishli bandida «Oila demografiyasi» ilmiy-o‘quv laboratoriyasini ochish ko‘zda tutilgan.
Yangi tashkil etilgan «Oila demografiyasi» ilmiy-o‘quv laboratoriyasining asosiy maqsadi aholi muammolari bo‘yicha demograflar, davlat xizmatchilarining salohiyatini oshirish va mustahkamlash, demografiya fanini rivojlantirish, mazkur yo‘nalishdagi tadqiqotlar rivojiga ko‘maklashishdan iborat. Laboratoriya demografik o‘zgarishlarni to‘g‘ri baholash, tahlil etish, prognozni belgilash va boshqa taalluqli masalalar tadqiqotlari bilan shug‘ullanishga yo‘naltirilgan.
Tadbir davomida shuningdek, Demografiya milliy portalining taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi. Olimlar tomonidan yaratilgan ushbu portal yurtimiz hududlarining demografik ko‘rsatkichlari, sohada tumanlar kesimidagi ma’lumotlarni jamlagan. Unda demografik pasport, lug‘at, ilmiy-tahliliy axborotnomalarni on-layn ko‘rinishda chop etib boriladi. Portal shuningdek, jahondagi demografik institutlar va tuzilmalar haqidagi ma’lumotlarni o‘ziga qamraydi.
Nazokat Usmonova, Oybek Pardayev (surat), O‘zA