Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oila “besh yulduzli mehmonxona” emas
07:31 / 2024-12-08

Azaldan xalqimiz oilani muqaddas bilib, ota-bobolarimiz, buviyu momolarimiz ajralishni isnod deb bilgan.

Hattoki, Bosh qomusimiz – Konstitutsiyamizda ham alohida bob oila mavzusiga bag‘ishlangan. Jumladan, uning 76-moddasida shunday deyilgan: “Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda u jamiyat va davlat muhofazasidadir.

Nikoh O‘zbekiston xalqining an’anaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanadi.

Davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratadi.”

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Karmana tumanlaro sudi sudyasi Dilyara Aminovaning hikoyasi esa barchamizni mulohazaga, mushohadaga chorlashi shubhasiz.

Ajrimlar to‘g‘risida da’vo arizalari kelib tushganda odamlar taqdiri ko‘z oldimda birma-bir gavdalana boshlaydi. Menimcha, sud ostonasiga odamlar shunchaki kelmaydi. Bir dard jonidan o‘tadi yoki xo‘rlangani bois haq-huquqini tiklashga majbur bo‘ladi. Chunki millatimizdagi qadriyat sabab ostona hatlab chiqishga juda katta sabab kerak. Da’volar turlicha mazmunda, biroq oilaviy nizolar, aniqrog‘i ajrashishlar bo‘yicha sud ishini ko‘rganimdan keyin anchagacha o‘zimga kelolmayman. Chunki bir oila nikohi buzilsa, kamida bitta yoki undan ortiq bolaning shirin orzulari va beg‘ubor olamiga putur yetadi. O‘sha oilada parokandalik, bolalar bir chetda qolib, er va xotin mulk, meros talashish bilan ovora bo‘ladi. Bundan yomoni yo‘q. Xalqda shunday gap bor: “Ko‘chada tinchi yo‘q odamning bir kun, uyida tinchi yo‘q odamning umrbod halovati bo‘lmaydi”.  

Ajrashishga ariza tashlagan ayolning o‘zi sudda ko‘rinmadi. Orada 2 farzand bor, o‘g‘il 3, qiz esa 6 yoshda. Mahalla xotin-qizlar faolining ta’kidlashicha, ayol farzandlarini onasiga tashlab, Turkiyada dam olayotganmish.  

– Oilasi buzilyapti, sayohat ko‘ngilga sig‘dimikan? – degan fikr xayolimda aylanaveradi. Sud ishi 2 haftaga kechiktirildi.  

Vaqt yetib, ayol ham sudga keldi. 30 yoshlardagi juvonning kayfiyatidan bildimki, sayohatdan keyin anchagina havolangan. O‘y-xayoli ajrashishda. Nikohi bekor qilinsa bo‘ldi. Sudda keltirgan vajidan angladimki, u erdan ajrashsa bo‘ldi. Nima emish, erining unga e’tibori yo‘qmish. Nazarimda ayol nikoh qurgan uyini “besh yulduzli mehmonxona”ga qiyoslagan. Turmushning mushti ko‘ringanida esa oilasidan voz kechishga tayyor. Bir zumda hech qanday isbot-dalilsiz turmush o‘rtog‘ining xiyonat qilishini aytib, dunyoni buzdi. Er esa tadbirkorligi tufayli uyida kam bo‘lishi, oilasiga vaqti kam qolayotganini aytib, xotinini tuhmat qilishda aybladi.  

Shamol bo‘lmasa... Xullas, xalq naqli bejizga o‘ylab topilmagan. Har ikki tomonda ham tushunmovchilik borligini angladim. Er-xotin o‘rtasidagi ruhiy zo‘riqish, iztirobli vaziyat tarqalib ketar, degan qarorga kelib, yarashishlari uchun 6 oy muhlat berildi. Hozircha bir “tinchi yo‘q” darvoza eshigini vaqtincha bo‘lsada, yaxshi gumonda yopib qo‘ydim. Chunki ish tajribamda kuzatganim, oilasini asrab qolishga “sababchi” ekanligimni sud binosiga kelib “minnatdorchilik” bildirib ketganlar bo‘ldi.

Yana bir turmush o‘rtog‘idan ajralish da’vo arizasi bo‘yicha sud ishini boshladik. Uchinchi odam aralashuvi bois, oila ajrim yoqasida. Qaynonani ataylab sudga chaqirmadik. Kelin uzatilgan xonadonida 2 oygina yashagan, homilasi bilan ota uyiga qaytgan. Hozir chaqaloq dunyoga kelib, 6 oylik bo‘lgan. Bir yildan ortiq vaqt ichida kuyov kelinni bir bor ham so‘ramagan, so‘rolmaydi ham. Chunki ona istamaydi. Negadir keyingi paytlarda ayollarda bag‘rikenglik yetishmayapti. Ayol bo‘la turib kelinni xo‘rlashdan nariga o‘tmaydi.

Sudda yigitni eshitdik, “onam nima desa shu, onamning ko‘nglidan chiqmadi”  

– Sevishib, ko‘ngil qo‘yib turmush qurilgan oila sizlarniki emasmidi, degan so‘rovga “onamni behurmat qilgan kelin bilan yashamayman”, – deydi.

Muomaladagi kichik xatolik, harakatidagi bittagina xato tufayli ko‘ch-ko‘roni bilan ota uyiga jo‘natvoradiganlar kammi?  

Ko‘pchilik xato qiladi, yoshu qari, ayolu erkak, katta-yu kichik. Lekin negadir qaynonalar yosh kelinlarni kechirishi juda qiyin bo‘ladi, aksariyat hollarda aslo kechirmaydi. “Qo‘yib bering, kelin-kuyovlar o‘z hayotlarini o‘zlari yashashsin”, deging keladi.  

Nikoh ajralmasligi uchun avval 6 oy, keyiniga yana 3 oy muhlat bergan oilam yana sud zalida. Nahot shunchalar kechirimli bo‘lish qiyin. Farzandlarim otasiz qolmasin, degan ayollarimiz o‘tgan zamonda qolib ketdimi? 34 yoshdagi juvonning gaplariga quloq tutsangiz yoqa ushlaysiz? Risoladagidek oila, ro‘zg‘orda pul degani topilmas matohmas... Yilida er-xotin xorijga safarlar qilarkan. Bu ham mahalla faolidan olingan ma’lumot.  

Ammo turmush o‘rtog‘ining telefonidagi yozishmalar va fotolar sabab guldek oila qo‘rg‘oni buzilyapti. Qiyin, qiyin balog‘atga yetgan o‘g‘il va qizga qiyin. O‘smirlar ota-onaning alohida yashashiga aslo rozimas. 

Ayol: – Mayli, bizni ajrashtirmasangiz ham, endi baribir erim bilan bir tom ostida yasholmayman, – deb, chiqib ketdi.

6 yoshli o‘g‘lini o‘zining farzandi ekanligiga gumon qilib xotinidan ajrashish va otalikni aniqlash uchun ekspertizaga bergan fuqaroning ishi yurakni larzaga keltiradi.  

Xo‘p, oila ajraldi ham deylik, lekin o‘tgan vaqt ichida ota-bola o‘rtasida paydo bo‘lgan rishtani hatto sud zalida ko‘rib turibmizku... Bola otaning qo‘lidan shunchalar mahkam ushlab olganki, qo‘yib yuborsa, otasini qaytib ko‘rmaslikdan cho‘chiyotgani ko‘zlaridan ma’lum.  

Bu oilani parokanda qilish gunoh-ku, deging keladi. Afsuski, bu ishga ham muhlat bermaslikka imkon yo‘q. Balki kelishib olishar, balki bir-birini kechirar. Har bir ishga vaqt davodir, yana bari yaratganga ayon.

Mashoyixlar ta’kidlaganidek, muvaffaqiyatli oila – biznes, mashina, uy-joy, tilla taqinchoqlar-u hashamatli hayot bilan belgilanmaydi. Afsuski, xiyonat va ajralishlar ko‘payotgan ayni zamonda bekami ko‘st oila – er-xotin halovatda kun ko‘rayotgan, tarbiyali farzandlarni kamolga yetkazish bilan belgilanadi.

Suhbatni O‘zA muxbiri Abduvali Bo‘riyev yozib oldi.