Buxoro viloyati Shofirkon tumanida 15 may – Xalqaro oila kuni munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonning ibratli oilasi” ko‘rik-tanlovi bo‘lib o‘tdi. Tadbir tuman hokimligi, Oila va xotin-qizlar bo‘limi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Shofirkon tuman bo‘linmasi, “Oqila ayollar” harakati a’zolari hamkorligida o‘tkazildi.
–Tanlov mamlakatimizda milliy va oilaviy qadriyatlarni mustahkamlash hamda “Farovon oila sari” g‘oyasini hayotga tatbiq etishda oilalarning ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan, – deydi tuman Oila va xotin-qizlar bo‘limi rahbari T. Yo‘dosheva. – Shuningdek, ota-onalarning farzand tarbiyasidagi mas’uliyatni oshirish, yoshlarni Vatanga muhabbat, ezgulik, mehnatevarlik ruhida tarbiyalashdir.
[gallery-11847]
–Oila bu mehr va baxt qo‘rg‘oni, – deydi Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi Shofirkon tumani bo‘linmasi rahbari D. G‘afforova. – Prezidentimiz aytganidek: “Biz uchun muqaddas bo‘lgan oila asoslarini yanada mustahkamlash, xonadonlarda tinchlik xotirjamlik, ahillik va o‘zaro hurmat muhitini yaratish, ma’naviy-ma’rifiy ishlarni aniq mazmun bilan to‘ldirishdan iborat bo‘lmog‘i zarur”. Mazkur tanlov ham mustahkam oilalarning ibrat yo‘lini yoshlarga tushuntirish, ularning oilaviy qadriyatlarini mustahkamlashda yaratgan tajribalarini ommalashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tanlovda ishtirokchilar barcha bosqichlarda uchta shart asosida yuz balli tizimda baholandi. “Bu mening oilam” mavzusidagi elektron oilaviy fotoalbomlar taqdim etildi. Oila – muqaddas qo‘rg‘on” mavzusida ishtirokchi oilalar o‘zlarining jamiyatda tutgan o‘rni, oila tarkibi, kasb-kori, sevimli mashg‘uloti, o‘zaro oilaviy munosabatlar, oiladagi an’ana va qadriyatlarni aks ettiruvchi uch daqiqalik ma’naviy-ma’rifiy videorolikni taqdim etdi.
G‘oliblarga tanlovning viloyat bosqichiga yo‘llanma berildi.
Zarif KOMILOV,
O‘zA