Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ohori to‘kilmaydigan meros
15:15 / 2020-01-27

Alisher Navoiy asarlari asrlar o‘tsa hamki, hamon dolzarbligini, ohorini yo‘qotmay kelmoqda.


Alisher Navoiy tavalludining 579 yilligi 

Alisher Navoiy asarlari asrlar o‘tsa hamki, hamon dolzarbligini, ohorini yo‘qotmay kelmoqda.

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi tomonidan buyuk allomalarimizning xorijda saqlanayotgan nodir asarlari qo‘lyozmalari nusxalari bilan tanishish, ularni tadqiq etish, xalqimizga tanishtirishga doimiy e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Alisher Navoiyning xorijdagi asarlari qo‘lyozmalarini o‘rganish, ulardan nusxa olish, faksimilesini nashrga tayyorlash maqsadida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Markazning Xorijiy muzeylar, ilmiy muassasalar, institutlar, arxiv va kutubxonalardagi madaniy boyliklarni ilmiy tadqiq etish bo‘limi boshlig‘i, filologiya fanlari doktori Aftondil ERKINOV Navoiyning xorijdagi asarlarini tadqiq etish haqida quyidagi fikrlarni bildirdi.

– Markaz qadimiy qo‘lyozmalarni o‘rganish jarayonida ularni iloji boricha O‘zbekistondagi ilmiy jamoatchilikka tanishtirish, ilmiy jamoatchilikka foydasi tegadigan darajada ko‘rsatish bilan ham shug‘ullanadi, – dedi navoiyshunos olim Aftondil Erkinov. – Bu jarayonda xorijga ilmiy safarlar qilganimizda osori-atiqalar haqidagi ma’lumotlarni batafsil olib kelish, ular haqidagi ma’lumotlarni olimlarga, xalqimizga yetkazish ham markazning muhim vazifalaridan biri sanaladi.

Masalan, xorijdagi safarlar davomida Alisher Navoiy qo‘lyozmalariga alohida e’tibor qaratamiz. Shuni aytish joizki, markaz tuzilishidan oldin Navoiy yoki O‘zbekiston zaminidan yetishib chiqqan allomalar ijodiga oid qo‘lyozmalarni kitoblar orqali bilardik. Lekin ularning o‘ziga yetib borish, nusxa olish, tanishish imkoniyati ancha cheklangan edi. Markaz tashkil etilgach, xorijdagi ilmiy tashkilotlar, qo‘lyozma fondlari, muzeylar bilan hamkorlikda ishlab, ulardagi mavjud osori-atiqalarni o‘rganishga muyassar bo‘layapmiz.

2019 yili Turkiyaga safar qildik va Istanbul shahrida joylashgan bir necha qo‘lyozma fondlari, muzeylarda bo‘ldik. Ularda O‘zbekistonga oid bo‘lgan qo‘lyozmalar bilan tanishdik. Alisher Navoiy hayotligi davrida – 1485 yili ko‘chirilgan qo‘lyozmaning rangli nusxasini olib kelishga erishdik. 1485 yilda Navoiy davridagi juda mashhur xattotlardan biri Sultonali Mashhadiy Alisher Navoiyning “Badoe’ ul-bidoya” devonini ko‘chirgan. Hozirgacha ilm-fanda bu devonning beshta nusxasi aniq edi. Ularning hammasi Navoiy hayotligi davrida ko‘chirilgan, deb hisoblanardi. Ularning yoniga endi oltinchisi – asarning Istanbul nusxasi qo‘shildi. Istanbul nusxasining muhim jihatlaridan biri – bu, birinchidan, u Sultonali Mashhadiydek juda mashhur xattot tomonidan ko‘chirilgani bo‘lsa, ikkinchidan, Alisher Navoiyning o‘zi hayot bo‘lgan davrda Hirotda ko‘chirilgan. Chunki 1485 yilda Alisher Navoiy o‘zining “Xamsa“ asarini yozib tugatayotgan va xuddi shu davrda bu qo‘lyozma Hirotda ko‘chirilgan edi. Ya’ni, bu qo‘lyozmani Alisher Navoiyning o‘zi ko‘rgani ehtimoli juda katta.

Navoiy davrida ko‘chirilgan bu qo‘lyozmaning qanday ahamiyati bor, degan savol tug‘ilishi mumkin. Ko‘pincha zamonaviy ijodkorlar, yevropalik yozuvchi va shoirlar ijodi bilan tanishganimizda, ularning arxivlari mavjudligi, yozgan asarlarining qoralama nusxalari saqlanib qolinganiga oid fikrlarni ko‘p gapiramiz. Masalan, Lev Tolstoy asarlarining hammasi yuz tomda Rossiyada nashr qilindi. Shundan yigirma tomi asarlarning o‘zi, sakson tomi faqat arxiv, ya’ni yozgan asarlari qoralama nusxasi edi. Bizda Sharqda arxivlar, ijodkorning o‘zi yozgan asarini yozish jarayonidagi qoralama nusxalar haqidagi ma’lumotlar juda kam saqlanib qolgan. Ammo Alisher Navoiy bilan bog‘liq jarayonda bu jihat ko‘proq uchraydi. Bu biz uchun katta imkoniyat. Sababi, Navoiy hayotligi davrida ko‘chirilgan devonlarining o‘n beshtacha qo‘lyozmasi bizgacha yetib kelgan. Ular safiga endilikda Turkiyadan topilgan “Badoe’ ul-bidoya” asari ham qo‘shildi. Va endi buni Navoiyning “Badoe’ ul-bidoya” asarini yaratish jarayonidagi qoralama nusxalardan biri yoki bo‘lmasa, navbatdagi nusxalardan biri deb atash mumkin. Chunki hali bu devonni ko‘chirish jarayonida Navoiyning fikrlari, devonni oxirgi shaklga keltirilishi tugamagan edi, ikkinchidan, Navoiy o‘z asarlari matnini muntazam yangilab borardi. Ya’ni, matnni yangilanish jarayonidagi qo‘lyozmalardan bittasibo‘lib chiqdi.

Husayn Boyqaro o‘limidan keyin temuriylarning saroydagi kutubxonasi qaerga ketgan? Husayn Boyqaro o‘limidan keyin saltanat yemirilib, bu hududni shayboniylar egallaydi. Boyqaro saroyidagi osori-atiqalar, qo‘lyozmalar qaerda, degan savolga biz aniq javob bera olmaymiz. Lekin muayyan taxminlar bor. Ularga ko‘ra, Boyqaro saroyidagi qo‘lyozmalarning hammasi Badiuzzamonning qo‘liga o‘tgan. Tarixdan ma’lumki, Badiuzzamonni usmoniylar podshosi sulton Salim o‘z saroyiga olib ketgan. Shu bois qo‘lyozmalar ham olib ketilgan bo‘lishi mumkin, degan taxmin bor. Lekin bu aniqlangan, isbotlangan emas edi. Hozirgi jarayondagi ishlar, ana shu qo‘lyozmalar bilan bog‘liq izlanishlar shuni ko‘rsatayaptiki, bu taxmin haqiqatdan ham shunday bo‘lib chiqishi mumkin. Chunki Turkiyadagi To‘pqopi saroyida Navoiy hayotligi davrida ko‘chirilgan yigirmatacha turli qo‘lyozma bor. Hatto bizda – O‘zbekistonda ham Navoiy hayotligi davrida ko‘chirilgan qo‘lyozmalar bunchalik ko‘p emas. Sulton Salim I davrida Navoiy qo‘lyozmalarining aynan Hirotda ko‘chirilganlarini, Jomiyning, Husayn Boyqaroning o‘zi hayotligi davrida ko‘chirilgan qo‘lyozmalarning asosiy qismi Istanbuldagi To‘pqopi saroyida saqlanishi Boyqaroning kutubxonasi balki o‘sha davrda Badiuzzamon bilan birga usmoniylar imperiyasi poytaxti – Istanbulga borib qolgan bo‘lishi mumkin, degan nazariy fikrni isbotlashga xizmat qiladi. Ya’ni, bizning safarlarimiz ilmiy jihatdan ham yangiliklar olib kelishga qaysidir darajada o‘zining hissasini qo‘shmoqda, deb aytish mumkin.

Umuman, safarlarimiz davomida Germaniyada, Rossiyada bo‘ldik. Buyuk Britaniyadagi qadimiy qo‘lyozmalar bilan tanishdik. Ularning hammasida juda katta zaxira bor. Bu qo‘lyozmalarning ko‘pi qadimda – jangu jadallar davrida bu mamlakatlarga olib ketilgan va hozirda shu yerda saqlanmoqda. Yurtimiz allomalarining o‘nlab-yuzlab qo‘lyozmalari nusxalarini xorijdagi kutubxonalarda, muzeylarda ko‘rishimiz mumkin. Ularning O‘zbekistonga oid xorijdagi madaniy boyliklarni tadqiq etish markazi orqali ko‘pchilikka ma’lum bo‘lishi, yetib kelishi imkoniyati paydo bo‘layapti. Chunki olimlarning jahon muzeylaridagi, fondlaridagi barcha qo‘lyozmalarni ko‘rishga, ular bilan tanishishga imkoni yo‘q. Shu sababdan kataloglar, reestrlar yaratish, ya’ni mavjud ma’lumotlarni bir joyga yig‘ish va ular bilan ilmiy jamoatchilik, xalqimizni tanishtirishni asosiy maqsad qilib olganmiz.