Zahmatkash kompozitor, musiqa san’atining darg‘asi Mustafo Bafoyevni kimdir o‘zbekning Betxoveni, yana ba’zilar Puchchinisi, deb ataydi. Nima bo‘lganida ham, ustoz kompozitorni mehnatsevarlikda, o‘z-o‘ziga, ijodga bo‘lgan talabchanlikda, samimiylikda dunyoning manaman degan kompozitorlari uchun namuna, desak yanglishmaymiz.
O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi “Mahalla” teleradiokanali tomonidan ustoz san’atkor faoliyatida bag‘ishlab yaratilgan hujjatli film - “Ohanglar naqqoshi” nomli kartina ustoz bastakorning hayoti, mashaqqatli ijod yo‘li, izlanishu intilishlari haqida hikoya qiladi. Ssenariy muallifi Sirojiddin Ibrohim tomonidan yaratilgan ushbu hujjatli film iste’dodining tep-tekis, sip-silliq joyda emas, balki ming mashaqqatli yo‘llar bilan kamolga yetishi, uni muttasil charxlab turish esa haqiqiy ijodkorning vazifasi ekanini tomoshabinga anglatishi bilan ahamiyatlidir.
Darhaqiqat, Buxoro viloyatining Kogon tumanidagi olis qishloqda dunyoga kelgan Mustafo Bafoyev hayotda, ijodda o‘zining munosib o‘rnini topgan, qancha-qancha yoshlarning musiqa olamiga kirib kelishiga sababchi bo‘lgan fidoyi ijodkorlar sirasidandir.
Ustoz ijodining ahamiyatli jihati shundaki, musiqaning turli janrlarida samarali va barakali ijod qilishi birga simfonik, kamer, opera musiqasi kabi yo‘nalishlarga milliy ruhni olib kira olgan, ayni paytda musiqiy drama janrida samarali faoliyat ko‘rsatayotgan kompozitorlardan sanaladi.
“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivali, Mustaqillik, Navro‘z bayrami tantanalari uchun g‘oyat maftunkor asarlar yaratayotgan kompozitor ko‘plab simfoniyalar, xalq cholg‘ulari va orkestr tarkibi uchun konsertlar, kamer, xor ijrochiligi, opera va balet, mustlali drama, kino san’ati uchun yozilgan minglab asarlarning muallifidir.
Hujjatli film davomida kompozitor o‘z hayot yo‘li haqida hikoya qilish asnosida o‘zining bir so‘zli, ba’zan qo‘rs, to‘g‘ri so‘z, intizomga qat’iy rioya etuvchi inson ekanini ham e’tirof etadi. Ushbu satrlar muallifi esa kompozitor bilan ish yuzasidan bir necha bor suhbatlashib, uning qo‘rsligini emas, balki g‘oyat samimiy, halol, ijodga umrini baxshida etgan inson sifatida kashf etganman, desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Film jarayonida Mustafo Bafoyevning chin insoniy fazilatlari mohir musiqashunoslar, olimlar, adabiyotshunoslar, xalqimizning sevimli shoirlari tomonidan hayotiy voqealar misolida ochib berilgani e’tiborga molikdir.
Darhaqiqat, ustoz Mutavakkil Burxonov katta ishonch bilan qaragan Mustafo Bafoyevning asarlari AQSH, Yaponiya, Germaniya, Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya kabi davlatlarda ham g‘oyat qadrlanadi.
Tomoshabinni hayot, umr mazmuni, san’at, ijodning mashaqqatli yo‘li haqida teran fikrlashga chorlovchi ushbu film ustoz Mustafo Bafoyevning musiqa san’atini katta ta’limotga aylantirgan, mo‘’jizakor ohanglarning haqiqiy naqqoshi ekanini tomoshabinga yetkaza olgani bilan ham qadrlidir.
Hujjatli kartina rejissyor Ravshan Rahmatov, tasvirchilar Anvarxon Qosimov, Tolib Karimov, Ismoil Lutfullayev kabi ijodkorlar tomonidan suratga olingan.
Nazokat Usmonova,
O‘zA