Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ohangi yurakka tutashgan qo‘shiq
18:56 / 2021-12-10

O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilinganining 29 yilligi Namangan viloyatida noodatiy ruhda va ko‘tarinki kayfiyatda nishonlandi.

Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyat bo‘limi taklifi asosida, soat 10:00dan boshlab, shahar va tumanlardagi ta’lim muassasalarida, korxonalar hamda tashkilotlarda davlatimiz madhiyasi bir xil vaqtda birgalikda jo‘r bo‘lib, ijro etildi.

“Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon!” shiori ostida tashkil etilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar Namangan muhandislik-texnologiya institutida ham yuqori saviyada o‘tkazildi.

Professor-o‘qituvchilar, tarixchi-olimlar, ijodkorlar tomonidan yig‘ilganlarga davlatimiz madhiyasining yaratilishi tarixi, shuningdek, 1992 yil 10 dekabrda qabul qilingan "O‘zbekiston Respublikasining Davlat madhiyasi to‘g‘risida"gi Qonunning mazmun-mohiyati haqida atroflicha tushunchalar berildi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimiz madhiyasi yoshlarda Vatanga muhabbat, boy tariximizga, milliy o‘zligimizga chuqur hurmatni shakllantirishda, farzandlarimizning har tomonlama barkamol va yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishida muhim tarbiyaviy vosita hisoblanadi. Qonunda madhiyamiz davlat suverenitetining ramzi, unga katta ehtirom bilan qarash har bir yurtdoshimizning vatanparvarlik burchidir, deb belgilab qo‘yilgan.

Madhiyada xalqimizning ezgu orzu-umidlari, kelajakka mustahkam ishonchi teran ifodalangan. Unda mardona va sharaflarga boy o‘tmishimiz, milliy an’ana va qadriyatlarimiz, tinchlik, osoyishtalik, millatlararo totuvlik va birodarlik kabi umuminsoniy tuyg‘ular tarannum etilgan.

Institutning bosh maydoniga jamul-jam bo‘lgan professor-o‘qituvchilar va talaba-yoshlar birgalikda O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasini ijro etishdi. Ilmgohdagi barcha akademik guruhlarning dars mashg‘ulotlari madhiyamiz sadolari bilan boshlandi. Barcha fakultetlarda “Davlat ramzlari – faxrimiz, g‘ururimiz”, “Davlat madhiyasi – istiqlolimiz badihasi” mavzularida davra suhbatlari va ma’naviy-ma’rifiy uchrashuvlar uyushtirildi.

- Har tongni madhiyamiz sadolari bilan qarshi olamiz. Madhiya – qalbida Vatanga muhabbat va sadoqat tuyg‘usi bor har qanday kishida milliy g‘urur, o‘ziga xos faxr, muhimi yurtga mehr uyg‘otadi. Yangi kunga, istiqlolga va bugungi tinch-osoyishta hayotimizga shukronalik, kelajakka qat’iy ishonch tuyg‘usi jo‘sh uradi, - deydi Namangan muhandislik-texnologiya instituti talabasi, sport ustasi Abdurahmon Fazliddinov. 

– Ayniqsa, chet el davlatlarida O‘zbekiston nomidan musobaqalarda qatnashib, zafar quchgan damlarda davlatimiz ramzlarini yuksak e’zozlanishini ko‘rib, dilimiz g‘urur va iftixorga to‘ladi. Kuni kecha Qirg‘iziston Respublikasida bo‘lib o‘tgan kikboksing bo‘yicha Markaziy Osiyo chempionatida ishtirok etib qaytdim. 10 ta vazn toifasi bo‘yicha 800 dan ortiq sportchilar bellashgan musobaqada g‘olib chiqqanim sharafiga madhiyamiz yangrab, O‘zbekistonimiz bayrog‘i baland xilpiradi. Yorug‘ kelajagimizni sharaflovchi, ohangi yuraklarimizga tutashgan milliy qo‘shig‘imiz asrlar osha baralla yangrayversin!

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA