Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ohangaronda Somoniylar hamda Qoraxoniylar davriga oid noyob topilmalar aniqlandi
16:17 / 2023-10-03

Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi akademigi Ahmadali Asqarov ilmiy rahbarligidagi bir guruh arxeolog olimlar tomonidan Toshkent viloyati Ohangaron tumanidagi Tunkat yodgorligida joriy yilning yoz oylaridan buyon qazishma ishlari olib borilmoqda.

Dastlab qazishma ishlari 12X12 o‘lchamdagi maydonda amalga oshirildi. Keyinchalik ochilgan inshoot o‘rni devorlarga mos ravishda kengaytirib borildi.

Tadqiqotlar davomida o‘rta asrlarga oid 10 dan ortiq xonalar, 200 dan ziyod sirlangan va sirlanmagan sopol bo‘laklari, 20 ga yaqin tangalar, 10 ga yaqin chiroqlar, ko‘plab shisha idish parchalari, metall buyumlar va eritilgan metall shlak (toshqol) qoldiqlari topildi. Bunday idishlar va boshqa moddiy ashyolar olimlar tomonidan IX-XI asrlar bilan davrlashtirilgan. Bu davrda Tunkat hududlari Somoniylar va Qoraxoniylar sulolasi tomonidan boshqarilgan.

Tangalar orasida VII-VIII asrlarga oid Choch tangalaridan tortib, XI asr boshlaridagi Qoraxoniylar sulolasining hukmronlik davriga oidlarini ham uchratish mumkin. Choch tangalarining ayrimlarida hukmdor bilan yonma-yon malika (xvatun, xotun) ning ham qiyofasini uchratish mumkin.

Tangalar VII-VIII asrlarda yashagan ajdodlarimizning antropologik qiyofasini tasavvur qilishimiz bilan birgalikda, ma’muriy sohada ayol kishining mavqei sezilarli darajada bo‘lganini ko‘rsatadi. Bu esa yurtimizda azaldan ayollar va erkaklar teng huquqli bo‘lganini anglashimizga yordam beradi. Qolgan tangalar orasida somoniylar vakillaridan Yahyo ibn Ahmad, Nasr ibn Ahmad, qoraxoniylardan Nasr ibn Ali va boshqa hukmdorlarning nomi aks etgan tangalarni topish mumkin. 

Qazishma davomida ko‘plab xonalardan majmuaviy qilib qurilgan inshootga asosiy kirish eshigi sharqiy tomonda ekanligi aniqlandi. Eshikdan zinalar orqali yo‘lakga o‘tilib, xonalarga kirilgan. Bino qurilishida asosan xom g‘isht va paxsadan keng foydalanilgan. Ahyon-ahyonda u yoki bu maqsadda foydalanilgan Somoniylar davrining pishgan g‘ishtlarini ham kuzatish mumkin.

Xonalarning ko‘pchiligida to‘rt tomon devorining g‘ishtlari to‘rt xil uslubda terilgan. Bunda g‘ishtlar xonaga o‘ziga xos bezak berganligini ko‘rishimiz mumkin. Bunday qurilish uslubi boshqa xonalarda ham kuzatiladi va qadim tunkatliklar uchun an’ana shaklida bo‘lganini anglatadi.

Hozirgi vaqtda Tunkatda arxeologik tadqiqotlar davom ettirilmoqda.

N.Rahmonova, O‘zA