Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ohangaron tumanida otchopar majmuasi qurilmoqda
17:09 / 2021-04-28

Toshkent viloyatida yilqichilik va ot sportini rivojlantirish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida ot sportini ommalashtirish maqsadida Ohangaron tumani «Shodmalik» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida otchopar majmuasi (ippodrom) qurilishi boshlandi.

“Ohangaron bogʼI jannat” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan barpo etilayotgan majmua loyihasining umumiy qiymati 15 milliard so‘mni tashkil etadi. Majmua uchun 62,1 gektar yer maydoni ajratilgan.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mazkur majmua ichida ot yugurish yo‘lakchalari, tomoshabinlar uchun tribuna, 3 ta 5 qavatli mehmonxona, 1 ta 3 qavatli restoran, 4 ta 2 qavatli yotoqxona, 2 ta 2 qavatli oshxona, restoran, veterinariya punkti, 2 ta fontan va 28 ta otxona qad ko‘taradi.

Prezidentimizning 2021 yil 11 martdagi «Yilqichilik va ot sportini yanada rivojlantirish hamda zamonaviy beshkurash va polo sport turini ommalashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotir. Mazkur qaror ijrosi doirasida ot sportini aholi o‘rtasida ommaviy sport turiga aylantirish, iqtidorli yoshlarni tanlash, saralab olish va ularni professional sportchilar sifatida tayyorlash tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.

Hozir viloyatda yilqichilik yo‘nalishida faoliyat yuritayotgan 14 ta xo‘jalik tomonidan 1 ming 315 bosh ot boqilmoqda. Birgina «O‘zbegim otlari» ot zavodi qadimiy ot zotlari, jumladan, Axaltekin tulporlarini ko‘paytirish va parvarishlashga ixtisoslashgan. Hozir bu yerda ingliz va arab zotli otlar ham parvarishlanmoqda.

  

A.Musayev, O‘zA