Farmon va ijro
Chorvadorlar uchun qish eng mas’uliyatli mavsum hisoblanadi. Bu paytda qo‘y va echkilarning mahsuldorligi yem-xashakning sifati va miqdoriga bog‘liq.
Ohangaron tumanida ham chorvachilik, xususan, qo‘ychilikni rivojlantirish borasidagi sa’y-harakatlar o‘z natijasini bermoqda.
Davlatimiz rahbari tomonidan belgilab berilgan dastur bo‘yicha zamonaviy chorva komplekslari ishga tushirilmoqda. Ayniqsa, bu jarayonda O‘zbekiston Respublikasi Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan soha olimlarining innovatsion loyihalarini amaliyotga tatbiq qilish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Prezidentimizning 2021 yil 1 apreldagi “Ilmiy va innovatsion faoliyatni rivojlantirish bo‘yicha davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni bilan Ohangaron tumani innovatsion hududga aylantirildi. Shu asosida Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti Ohangaron bo‘limi faoliyati yo‘lga qo‘yilgani esa bunda muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda.

Maqsad hududda chorvachilik va naslchilikni rivojlantirish, tarmoqdagi yangi loyihalarni amaliyotga joriy qilish, bu borada fermer xo‘jaliklari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishdir. Aslida Ohangaron tumaning asosiy qismi qir-adirlardan iboratligi va iqlim nisbatan yumshoqligi tufayli zotli qo‘y va echkilarni ko‘paytirishga qulay. Bu esa mazkur yo‘nalishda tarmoq xo‘jaliklarining faoliyatini yanada rivojlantirishga imkon beradi.
O‘tgan davrda institut olimlari tomonidan aynan qo‘ychilikka e’tibor qaratilib, istiqboli porloq loyihalar amalga oshirildi. Ulardan biri xorijdan mayin junli, go‘shtdor-serjun merinos qo‘ylarini olib kelish va mahalliy qo‘ylarning zotini yaxshilash borasidagi ishlardir. Shu maqsadda bir necha yil ilgari xorijdan olib kelingan naslli qo‘chqor va qo‘ylar hududda ko‘paytirilmoqda.
Mazkur institut Ohangaron bo‘limi boshlig‘i, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Nuraddin Ro‘ziboyevning ta’kidlashicha, merinos zotli qo‘y yaylovlarni isrof qilmaydi, uning go‘shti marmarsimon, shirali, parhezbop. Juni esa to‘qimachilik sanoati uchun xomashyo sifatida ishlatiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 20 noyabrdagi qaroriga asosan institutning Ohangaron bo‘limida o‘quv-tajriba xo‘jaligi tashkil etildi. Buning uchun hududdan 106 gektar lalmi va 580 gektar yaylov yerlari ajratildi. Jahon bankidan 5,5 milliard so‘m mablag‘ berildi. Kelgusida ilmiy markaz va maxsus qo‘yxonalar bunyod bo‘ladi. Erishilgan natijalardan yana biri –go‘sht-yog‘ mahsuldorligini oshirish bo‘yicha jaydari zotli qo‘ylarning yangi “Aqchasoy” tipi yaratilgan bo‘lib, Intellektual mulk agentligiga patent olish uchun tadqiqot natijalari yuborildi. Yaqin kunlarda bu bo‘yicha katta yangilik bo‘lishi kutilmoqda.
– Maqsad oxirgi 60 yildan beri mamlakatimizda qo‘ylarning zotini yaxshilash borasidagi to‘xtab qolgan ilmiy ishlarni qayta boshlashdir, – deydi olim. – 2026 yilgacha go‘shtdor-serjun qo‘ylarning yangi zotini yaratish ishlari tugatilishi rejalashtirilgan. 2017 yilda bitta fermer xo‘jaligida 105 bosh shu turdagi qo‘ylar bo‘lgan bo‘lsa, hozir 6 ta xo‘jalikda ularning bosh soni 3 mingdan oshdi. Endilikda ularning genofondini saqlash ishlari olib borilmoqda.
[gallery-16024]
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yaylovlar degradatsiyasi va cho‘llanish muammosi ham borgan sari chorvachilik xo‘jaliklari rivojiga xavf solmoqda. Mavjud hududlarda ozuqabop o‘simliklar maydoni qisqarib ketgan. Buning asosiy sabablaridan biri esa dalalarda qo‘y-echkilarni tartibsiz boqishdir. Bu tarmoq xo‘jaliklari uchun qayta tiklanuvchi yem-xashak hosil qilish imkoniyatini izdan chiqarib, yaylovlarni chorvachilik maqsadlarida foydalanish uchun yaroqsiz holatga keltirmoqda. Yagona chora sifatida belgilangan maydonlarda ozuqabop o‘simliklarni ko‘paytirish va chorvadorlarga bu borada to‘g‘ri tavsiyalar berishdir.
Bu ishlar bilan yaqindan tanishish maqsadida tumanning keng qir-adirlari, tog‘ yon bag‘irlariga bordik. Hozir qo‘zilatish mavsumi boshlangan. Cho‘ponlar bilan suhbatda bu haqda o‘zimizni qiziqtirgan savollarga javob oldik. Shu bilan birga, merinos qo‘ylarining boqilishini ham ko‘zdan kechirdik.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/tqOitq4h1s4" title="Ohangaron tajribasi samaralari" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>A.Musayev, D.Ernazarov (surat,video), O‘zA muxbirlari