Samarqand tumani mamlakatimizdagi parrandachilik tarmog‘i jadal rivojlangan hududlaridan biri sanaladi. Bugungi kunda tumandagi 18 ta fermer xo‘jaligi va parrandachilik korxonasi mazkur faoliyat bilan shug‘ullanadi.
Ular tomonidan o‘tgan yil 370 million dona tuxum, 10 ming 450 tonna parranda go‘shti tayyorlangan. Bu yil tumanda parrandachilik sohasida yana ikkita yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish orqali tuxum va parranda go‘shti ishlab chiqarish hajmini 1,2 foizga oshirish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, tuman aholisi ham o‘z xonadonida parrandachilik bilan shug‘ullanib, bundan mo‘may daromad olmoqda. Bir qator mahallalar ushbu faoliyatga ixtisoslashgan. Jumladan, Ohalik mahallasida bedanachilik asosiy drayverlardan biri hisoblanadi. 4 mingga yaqin aholi yashaydigan 800 dan ortiq xonadonning 197 tasi bedana boqish bilan shug‘ullanadi.
Mahallaning Tadbirkorlar ko‘chasida yashovchi Suxrob Boymurodov bedana boqib, oyiga 10 million so‘mdan ortiq daromad qilmoqda.
– 2022 yilda mahalla mas’ullarining taklifi bilan 30 million imtiyozli kredit olib, bedana jo‘jalarini olib kelgan edim, – deydi Suxrob Boymurodov. – Ularni parvarishlab tuxum yetishtirishni boshladik. Hozir 5000 dona bedanamiz bor va ulardan kuniga 4200 tagacha tuxum olamiz. Bedananing kunlik ozuqasi uchun xarajatimiz 1 million so‘mdan oshadi, lekin daromadimiz shu xarajatdan ortib 250-300 ming so‘mni tashkil qiladi. Agar yer ajratilsa, faoliyatimni kengaytirib, alohida bedanachilik xo‘jaligini tashkil qilgan bo‘lardim. Har qanday ishning mashaqqati bo‘lgani kabi bedana boqish ham oson emas, lekin ishni to‘g‘ri yo‘lga qo‘yib olsangiz, uyda turib doimiy daromadga ega bo‘lasiz. Muhimi, ishtiyoq bo‘lsa kifoya.
Dastlab mahalla aholisi mustaqil ravishda bu faoliyatni boshlagan bo‘lsa, keyinchalik ushbu ishga qo‘l urgan oilalarga lider tadbirkor tomonidan amaliy yordam ko‘rsatish yo‘lga qo‘yildi.
Bunda birinchi oyda lider tadbirkor tomonidan xonadonda bedana boqish uchun shart-sharoit yaratilib, zarur uskunalar bilan ta’minlanadi va 5000 dona bedana beriladi. Bedanani boqish, vaksinatsiya va antibiotik berish jarayonlari o‘rgatiladi. Bedana tuxumi sotib olinadi. Ma’lum vaqtdan keyin bedanani lider tadbirkor go‘sht uchun olib, uning o‘rniga tuxum beradigan bedana yetkazib beradi. Xonadon egasi bu faoliyati ortidan har oyda 15-16 million so‘mgacha sof foyda ko‘radi.
Shuningdek, mahallada go‘sht va tuxum yo‘nalishida tovuq boqib, yetti xazinaning biri hisoblangan bu tarmoqdan yaxshigina daromad qilayotgan oilalar talaygina. Masalan, 15 yildan buyon ushbu faoliyat bilan shug‘ullanadigan Shuhrat Rahmatov shu orqali ro‘zg‘or tebratadi, farzandlarini oliy ta’lim muassasalarida o‘qitmoqda.
– Qimirlagan qir oshar, degan maqol bejizga aytilmagan, – deydi Shuhrat Rahmatov. – Bugun xonadonida tomorqa yeri bo‘laturib, ish yo‘q, deb o‘tirish uyat. Bor imkoniyatdan foydalanish o‘rniga birovning qo‘liga qarab o‘tiradigan zamon emas hozir. Sarson bo‘lib ish qidirib yurgandan ko‘ra, mo‘’jazgina tomorqamda tovuqxona qurib, tadbirkorlik qilishni afzal bilganman. Bu tanlovim eng to‘g‘ri qaror bo‘lganligi uning natijasida ko‘rinmoqda. Ayni paytda 200 ta tovug‘imiz bor. Kuniga 150 dona tuxum olamiz. Kunlar biroz isigach, go‘sht yo‘nalishida ham tovuq boqishni boshlaymiz. Mehnat qilgan rohatini ko‘radi. Hech kimdan kam joyimiz yo‘q. Farzandlarim ham ish bilan band, o‘zlari pul topib o‘qiyapti, kasb-hunarli bo‘lyapti.
[gallery-27357]
Xalqimiz parrandani yetti xazinaning biri deydi. To‘g‘ri, mehnati biroz mashaqqatli bo‘lishi mumkin. Lekin astoydil harakat qilgan odam uchun parranda rostakamiga ham yetti xazinaning biriga aylanishini Ohalik mahallasi aholisi o‘z hayotida, turmush tarzida his qilmoqda.
G‘.Hasanov, A.Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari