DXX Sirdaryo viloyati boshqarmasi viloyat IIB hamda Bojxona boshqarmasi tezkor xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazdi.
Tadbirda fuqaro J.M. boshqaruvidagi “Lasetti” rusumli avtomashina Sirdaryo tumani “Dehqonobod” mahallasi hududiga kelib, 1999 yil Jizzax viloyati tug‘ilgan, Paxtakor tumanida yashovchi, S.S. bilan uchrashgan. J.M. boshqaruvida bo‘lgan avtomashina Mirzaobod tumani tomon harakatlanib ketayotgan vaqtda tumanning “Oydin” mahallasi hududida to‘xtatiladi va xolislar ishtirokda tintuv qilinadi. Uning yonidan 1 dona sellofan paketga joylashtirilgan 11 dona, avtomashinadan 6 dona sellofan paketlarga joylangan, jami 84 dona tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalari aniqlangan.
Tezkor tadbir davomida fuqaro S.S. ham ushlanib, xolislar ishtirokida tintuv qilinganda yonidagi sumkadan 11 dona sellofan paketlarga joylashtirilgan, jami 154 dona dori vositalari va 2.572.000 so‘m pul ashyoviy dalil sifatida qo‘lga olingan. Olib borilgan tergovga qadar tekshiruv jarayonida fuqaro J.M. yonidan hamda avtomashinadan 95 dona dori vositalari, fuqaro S.S.dan 2.500.000 so‘m evaziga sotib olganligini, fuqaro S.S. esa mazkur dori vositalarni Jizzax viloyati, Paxtakor tumanida yashovchi K.K. dan olib, Guliston shahar va Toshkent viloyatidagi dori vositalari iste’mol qiluvchi mijozlarga sotib, pullarni yetkazib berishlik uchun kelayotganligi aniqlangan.
Tezkor tadbir davomida fuqaro K.K. Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi yashash xonadonida qo‘lga olingan. Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etmoqda.
Sh.SUYAROV, O‘zA