Buxoroda avtomashina salonidan telefon hamda pullarni o‘margan ayol qo‘lga tushdi. Bu haqida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Joriy yilning 25 iyun kuni soat taxminan 15:30 larda noma’lum shaxs o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida, Buxoro shahar Haqiqat ko‘chasida qarovsiz, eshiklari ochiq holda qoldirilgan, shu mahallada yashovchi 1993 yilda tug‘ilgan fuqaro A.A.ga tegishli bo‘lgan “Spark” rusumli avtomashinaning salonidan bahosi 1.100.000 so‘mlik “NOVEY A 80” rusumli telefon apparati, 200 AQSH dollari, 650.000 so‘m pul va bahosi 20.000 so‘mlik telefon quvvatlagichni o‘g‘irlab hodisa joyidan yashiringan.
Mazkur holat yuzasidan Buxoro shahar IIO FMB tomonidan noma’lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JK.ning 169-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, olib borilgan tezkor texnik va surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni, Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida yashovchi, 1990 yilda tug‘ilgan fuqaro M.Z. ismli ayol sodir qilganligi aniqlangan.
Hozirgi kunda ushbu shaxsning viloyat hamda respublikaning boshqa hududlarida sodir etilib fosh etilmasdan qolayotgan xuddi shu va boshqa turdagi jinoyatlarga aloqadorligini aniqlash yuzasidan tezkor surishtiruv hamda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Zarif Komilov,
O‘zA