Ayol – ona, opa-singil, avlodni davom ettiruvchi jufti halol. Xotin-qizlarimiz haqida bundan-da go‘zalroq tarif, tavsiflar bor. Lekin shu go‘zallik xilqatlari orasida ham ming afsuski, jinoyat ko‘chasiga kirib, shu orqali boylik orttirmoqchi bo‘lganlari ham yo‘q emas ekan.
Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani “Pastki so‘loqli” mahallasida yashovchi fuqaro ichki ishlar organlariga murojaat qilib, turar joyidan noma’lum shaxslar 15 million so‘m pul, 1 dona uyali aloqa vositasi hamda bir qancha oshxona anjomlarini o‘g‘rilab ketganini bildiradi.
Oradan ko‘p vaqt o‘tmay mazkur tumanning “Yoyilma” mahallasida yashovchi boshqa bir shaxs ham xonadonidan pul, uyali aloqa vositasi va oshxona buyumlari o‘g‘rilanganligini ma’lum qiladi.

Sohaviy xizmatlar vakillari o‘z yo‘nalishlarida tezkor qidiruv tadbirlarini amalga oshirishga kirishdi. Natijada ushbu har ikkala o‘g‘rilik jinoyatini Jizzax viloyati IIB ekspert-kriminalistika markazi xodimlari ochishga muvaffaq bo‘ldi. Ya’ni o‘g‘rilik sodir bo‘lgan uylarda qoldirilgan barmoq izlari natijasida voqeaga aniqlik kiritildi.
Ekspert-kriminalistlarning sa’y-harakatlari natijasida o‘g‘rilar qo‘lga olindi. Ular Toshkent shahrining Yashnobod tumanida yashovchi ona-bola E.D. va S.J. bo‘lib chiqdi.
Holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
A.Qayumov, O‘zA