Buxoro shahrida 200 million so‘m pulni o‘g‘irlagan ayol ushlandi. Bu haqida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum bo‘lishicha, 2022 yil 27 dekabr kuni noma’lum shaxs o‘zgalar mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish maqsadida Buxoro tumani “O‘rta Osiyo” mahallasida yashovchi fuqaro R.Sh. ning Buxoro shahar “Shirbudin” mahallasidagi xonadoniga g‘ayriqonuniy ravishda kiradi. Xonadonning hovlisidagi temirdan ishlangan seyfning ichida saqlanayotgan 200 million so‘m naqd pullarni yashirin ravishda talon-toroj qilib, noma’lum tomonga yashirinadi.
Mazkur holat yuzasidan Buxoro shahar IIO FMB tomonidan noma’lum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 169-moddasi 4-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Olib borilgan tezkor-texnik va surishtiruv hamda tergov harakatlari davomida ushbu jinoyatni Buxoro shahar Shirbudin ko‘chasida yashovchi, 1984 yilda tug‘ilgan fuqaro O.N. ismli ayol sodir qilganligi aniqlanadi.
Hozirgi kunda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA