English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ogohlikka chorlovchi aksiya
14:42 / 2026-02-21

“Adolat” SDP Andijon viloyati kengashi tashabbusi bilan Andijon shahridagi 7-sonli texnikum hamda Andijon tumanidagi 42-umumta’lim maktabida “Ogoh bo‘ling, firibgar!” aksiyasi doirasida davra suhbatlarida o‘tkazildi.

Unda ishtirokchilar, xususan, o‘quvchi yoshlarning huquqiy bilim va madaniyatini yuksaltirish, shuningdek, ularning ogohligini oshirish, firibgarlik qurboniga aylanib qolishning oldini olish xususida atroflicha so‘z yuritdi. 

– Sir emaski, bugun ijtimoiy tarmoqlar tom ma’noda firibgarlik bilan bog‘liq jinoyatlar maydoniga aylanib qoldi. Ya’ni internet va zamonaviy axborot texnologiyalardan foydalangan holda firibgarlar ko‘pchilikni o‘zlarining tuzog‘iga tushirmoqda. Misol uchun, firibgar telefon yoki internet orqali yaqinlaringiz nomidan sizga xabar yuborib, pul o‘tkazib berishingizni so‘ramoqda. Bu bilan ular ko‘plab yurtdoshlarimiz uchun jiddiy moliyaviy xavf tug‘dirmoqda, – deydi Andijon viloyati IIB mas’ul xodimi Dostonbek Hasanboyev.

Davra suhbatida yoshlarga internet va axborot texnologiyalaridan foydalanishda hushyor bo‘lish, aldovlarning qurboniga aylanib qolmaslik,  o‘z huquqlarini yaxshi bilishlik haqida keng tushunchalar berildi. Shuningdek, firibgarlarning telefon orqali xabarlar jo‘natish, ijtimoiy tarmoqlar va soxta sahifalardagi yolg‘on va’dalari bilan ayrimlarning ishonchini qozonib, mablag‘larini o‘zlashtirib olayotganlik holatlari hayotiy misollar asosida tushuntirildi. 

Andijon tumanidagi 42-maktabda partiya faollari, o‘qituvchilar, o‘quvchilar, ularning ota-onalari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan tadbirda keyingi paytlarda yuqoridagi kabi jinoyatlar soni ortib borayotgani, bu yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yoshlardan hushyorlik va ogohlikni talab etishi qayd etildi. 

– Biz avvalo, hushyorlik va huquqiy bilimni oshirishimiz kerak, – deydi maktab direktori Muqaddasxon Davidova. – Shu orqali nafaqat firibgarlik bilan bog‘liq, balki boshqa huquqbuzarlik, jinoyatchilik va turli illatlarning oldini olishimiz mumkin. 

“Ogoh bo‘ling, firibgar!” aksiyasi doirasida aholining hushyorligi va ogohligini oshirishga qaratilgan targ‘ibot tadbirlari joylarda davom etmoqda.

Faxriddin Ubaydullayev, O‘zA.