Nukus Innovatsion texnologiyalar universitetida aholi o‘rtasida firibgarlik jinoyatlarining oldini olish, ularning turlari va sodir etilish usullari haqida tushuntirish berish hamda fuqarolarning huquqiy xabardorligini oshirishga qaratilgan “Ogoh bo‘ling, firibgar!” mavzusida targ‘ibot tadbiri o‘tkazildi.
Tadbirda universitetning Yoshlar bilan ishlash, ma’naviyat va ma’rifat bo‘limi boshlig‘i G‘ulomjon Sultanov, O‘zbekiston “Adolat” SDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi o‘rinbosari Sharipa To‘reshova, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi mutaxassisi, kapitan Shuhrat Uzaqbergenov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi sho‘’ba mudiri Nuriya Berdiniyazova so‘zga chiqib, ishtirokchilarga bugungi kunda keng tarqalayotgan firibgarlik holatlari haqida batafsil ma’lumot berdi.


So‘zga chiqqanlar internet va ijtimoiy tarmoqlar orqali sodir etilayotgan kiber firibgarlik, bank kartalari bilan bog‘liq jinoyatlar, shaxsiy ma’lumotlarni qo‘lga kiritish orqali amalga oshirilayotgan noqonuniy harakatlar hamda ularning oldini olish choralari yuzasidan muhim tushuntirishlar berdi. Shuningdek, fuqarolarni hushyorlikka chaqirish, turli shubhali qo‘ng‘iroqlar va xabarlarga ishonmaslik, noma’lum havolalarni ochmaslik hamda shaxsiy va moliyaviy ma’lumotlarni begonalarga bermaslik zarurligi alohida ta’kidlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.