Buxoro viloyati G‘ijduvon tumani “Ko‘kcha” mahalla fuqarolar yig‘iniga qarashli Og‘itma ovuli cho‘l hududida joylashgan bo‘lib, mazkur aholi punkti viloyat markazidan 220 km, G‘ijduvon tumanidan esa 160 km uzoqlikda joylashgan eng olis, hududlardan biri hisoblanadi. Og‘itma, Cho‘lobod, Ko‘klam, Kanay qishloqlarini o‘z ichiga olgan ovulda 64 ta xonadonda 350 nafarga yaqin, asosan, qozoq millatiga mansub vatandoshlar istiqomat qiladi. Aholining asosiy tirikchiligi chorvachilik, baliqchilikdan iborat.
Ular uchun G‘ijduvon tumani 70-sonli qishloq oilaviy poliklinikasining “Og‘itma” filiali, 50 nafarga yaqin o‘quvchisiga ega va darslari qozoq tilida olib borilayotgan 38-sonli umumta’lim maktabi, ijtimoiy dorixona faoliyat ko‘rsatmoqda.

Viloyat hokimi Botir Zaripov Yangi yil bayrami oldi og‘itmaliklar holidan xabar oldi. Viloyat rahbarining tashrifi esa ovul aholisi kayfiyatini yanada ko‘tardi. Bayram munosabati bilan tashkil etilgan tantanada so‘zga chiqqan Botir Zaripov, barchani yangi yil bilan qutladi. Ovul aholisi farzandlariga bayram sovg‘alari topshirildi.

Yangi yil yo‘qlovidan mamnun bo‘lgan og‘itmalik maktab o‘quvchilari o‘zlari tayyorlagan kuy-qo‘shiq va raqslari bilan barchani xushnud qildi. Yangi yil dasturxoni uchun arzonlashtirilgan narxda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi.
Ijtimoiy muhofazaga olingan oilalarga kundalik zarur oziq-ovqat mahsulotlari tarqatilib, sovg‘alar ulashilgani ovuldagilar va ular farzandlarini xursand qildi. Bu kabi xayrli tadbir og‘itmaliklarga nafaqat moddiy, balki ma’naviy madad ham bo‘ldi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.