Buxoro viloyati Vobkent tumanida yashovchi 54 yoshli fuqaro O‘.R o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan shaxsning salkam 303 million so‘mlik pul va taqinchoqlarini o‘g‘irladi. Ustiga-ustak, uning giyohvandligi ham oshkor bo‘ldi.
Uzoq yillar Rossiya Federatsiyasida mehnat muhojirligida yurib, ro‘zg‘or tebratib kelgan O‘.R. qishloqqa qaytgach, tuzuk ish boshini tutmadi. U Vobkent tumanidagi Kulolchi ko‘chasida aylanib yurarkan hashamatli uylar ko‘pligini ko‘rgach, bu xonadonlar boy va puldor odamlarga tegishli, deya mulohaza qildi.
U xonadonlar orasida o‘ziga avvaldan tanish bo‘lgan fuqaro A. N.ning ham dang‘illama hovlisi borligini bilgach, u uy egasining qachon ishga jo‘nashi, qachon qaytishi, shuningdek, uning oilasidagilar ham qaysi vaqtda ish va o‘qishga borib- kelishi to‘g‘risida to‘liq ma’lumot to‘pladi.
Oradan bir necha kun o‘tgach, o‘z rejasini amalga oshirish payiga tushdi. To‘rt tomoni baland devorlar bilan o‘ralgan hovlining qo‘shni bilan yondosh orqa tarafida bo‘lgan havoza orqali osilib, pastga tushish chorasini ko‘rdi. O‘zidan iz qoldirmaslik uchun oyoq kiyimini qo‘shnining orqa eshigi oldidagi o‘tlar orasiga yashiradi, oyoq va qo‘liga paypoq kiyib oladi. Hovlida hech kim yo‘qligiga amin bo‘lgach, pul va boylik izlay boshladi. Dam olish xonasidagi og‘irligi taxminan 40 kilogrammgacha bo‘lgan temir seyf uning e’tiborini tortdi. Qiyin urinishlar va ko‘p kuch sarflashi evaziga temir seyfni hovlining orqa eshigi oldigacha sudrab keltirgan. Devor va yog‘och zinalarda qirilgan izlar qolgan. Orqa eshikdan temir seyfni olib chiqqach, uni 500-600 metrcha uzoqlikda joylashgan o‘zining hovlisigacha olib borishga kuchi yetmasligini tushunib, o‘z uyiga borib, seyfni ko‘tara oladigan etak topib, seyfni yelkasida ko‘tarib kelgan.
Oilasidagilarning e’tiboridan chetda bo‘lgan omborxonaga seyfni olib kirib, temir uskunalar yordamida qulfini buzishga erishgan. Buning uchun juda ko‘p vaqt sarflagan. Oxiri, seyf ichida bo‘lgan salkam 23 ming AQSH dollari hamda katta miqdordagi tilla taqinchoqlarni o‘zlashtirishga muvaffaq bo‘lgan.
Fuqaro O‘.R. jabrlanuvchiga jami salkam 303 million so‘mlik juda ko‘p miqdorda moddiy zarar yetkazgan.
Gumonlanuvchining yashash manzilida tintuv o‘tkazilganda tomorqasida, tandirxonasida, hojatxonasida, shuningdek, yuqoridagi chordoqda va kiyimlarining cho‘ntagidan jami 1775,61 gramm og‘irlikdagi giyohvandlik vositalari topilgan.
O‘rganuvlarga ko‘ra, u ko‘p miqdordagi “Marixuanna” giyohvandlik moddasini qonunga xilof ravishda saqlab, undan o‘zi doimiy ravishda iste’mol qilib kelgan.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblangan fuqaro O‘. R.ga nisbatan 5 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi qo‘llanildi. U tayinlangan jazo muddatini umumiy tartibli koloniyalarda o‘taydigan bo‘ldi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri