Farmon va ijro
Joriy yilda Ohangaron tumanining “og‘ir toifali” deb topilgan 6 ta mahallasini har tomonlama rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda. Shu maqsadida Respublika Ishchi guruhi tomonidan o‘rganilgan natijalar asosida kompleks chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi.

Unga ko‘ra, hudud aholisi bandligini ta’minlash, mavjud tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali fuqarolar daromadini oshirishga qaratilgan manzilli ishlar tashkil etilishi rejalashtirilgan. Shu maqsadda hududdagi Qiziloy mahallasida “Aholining tomorqa va ijara yerlaridan samarali foydalanish orqali ularning daromadlarini oshirish” mavzusida amaliy seminar tashkil etildi.
Unda tuman hokimligi mas’ullari, Respublika ishchi guruhi a’zolari, mahallalar “yettiligi” vakillari, agrar sohaga ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot institutlari olimlari, agronomlar, karantin inspektorlari, mahalladagi bog‘bonlar va va tomorqachilar qatnashdi.

Seminar davomida Toshkent davlat agrar universitetining bir qator olim va mutaxassislari tomorqachilikni rivojlantirish, bir mavsumda 2–3 marta hosil olish imkoniyatlari, yuqori hosildorlikka erishish usullari bo‘yicha ma’ruzalar qildi. Shuningdek, tomorqa yerlarida va issiqxonalarda sabzavotlar yetishtirish, meva va turli o‘simliklardan sifatli va serhosil natija olishda agrotexnik tadbirlarning o‘rni, issiqxonalarda sitrus mevali o‘simliklarni parvarishlash texnologiyasi haqida ma’lumot berildi.
Shu bilan birga, aholiga sabzavot va poliz ekinlarida uchraydigan kasalliklar hamda ularga qarshi kurashish choralari kabi dolzarb mavzular yuzasidan mutaxassislarning amaliy tavsiyalari eshitildi. Toshkent viloyati kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi mutaxassislari tomonidan belgilangan rejaga asosan mazkur mahallalarda amalga oshiriladigan ishlar haqida alohida aytildi.

Qayd etilishicha, mahallada asosiy mavsumda 36,9 gektar, takroriy mavsumda 27 gektar yerga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ekiladi. Hudud adirlikda joylashgani va iqlim sharoiti to‘g‘ri kelmasligi sababli to‘qsonbosti ekinlari ekilmagan. Biroq “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida 7,5 gektarga sabzavot, 14,53 gektarga kartoshka ekinlari ekilgan.

Xususan, Prezidentimizning 2025 yil 14 fevraldagi “Tomorqa yer egalari va dehqon xo‘jaliklari faoliyatida zamonaviy tashkiliy tizimni joriy qilish va moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim dasturulamal bo‘ldi. Shu bo‘yicha joylardagi aholi tomorqalari va dehqon xo‘jaliklari yerlarini to‘liq xatlovdan o‘tkaziladi. Ularda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hisobini yuritish hamda “Online mahalla” platformasida aniq ma’lumotlar bazasi shakllantiriladi.

Suv ta’minoti og‘ir bo‘lgan mahallalarda sug‘orish tizimini yaxshilash hamda yetakchi eksportchi tadbirkorlarni jalb qilish orqali aholi tomorqalarida bir turdagi eksportbop mahsulotlar yetishtirishni ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Seminar ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga soha mutaxassislaridan javoblar oldi. Shu bilan birga, tadbirda namunali tomorqa egasi Qahramon Sayfiddinovning tomorqachilik sohasida erishgan yutuqlari, samarali tajribasi ishtirokchilarga namuna sifatida ko‘rsatildi.

Karantin inspektorlari tomonidan mavsumda daraxtlarni parvarishlash, zarar agrotexnik ishlarni bajarish borasida maslahatlar berildi. Bu kabi muloqotlar boshqa mahallalarda ham davom etishi rejalashtirilgan.
A.Musayev, O‘zA.