Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Og‘ir hududlarda obi hayot muammolari hal qilinmoqda
09:01 / 2024-06-08

Tomorqa xo‘jaligini taraqqiy ettirish orqali bozorlar arzonligi va dasturxonlar to‘kinligini, qolaversa, aholi bandligini ta’minlash yo‘lida davlatning iqtisodiy ko‘magi asosida yaratilayotgan imtiyoz hamda qulayliklar Buxoroda yerdan yuqori hosil olishda imkoniyat eshiklarini ochyapti.

Yurtboshimizning 2020-yil 30-iyuldagi “Suv ta’minoti og‘ir hududlardagi aholi tomorqalari va qishloq xo‘jaligida foydalanilmayotgan yer maydonlariga suv chiqarish ishlarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qishloqdagi shaxsiy ekin maydonlari samaradorligini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.  

–Jondor tumani viloyatning suv ta’minoti og‘ir hududlaridan biridir. Joriy yilning o‘zida tumanda davlat tomonidan ajratilgan subsidiya mablag‘lari orqali 10 ga yaqin artezian qudug‘i qazilib, tomorqa xo‘jaliklarini rivojlantirish sharoitlari yaxshilandi, – deydi Buxoro viloyati Fermer, dehqon xo‘jaligi va tomorqa yer egalari kengashi raisi Xurshid Boltayev. – Masalan, tumanning eng chekka Qulonchi qishlog‘ida shu yilning may oyida suv muammosi hal qilindi. Bunday ezgu va xayrli sa’y-harakatlar tumandagi Xo‘jahayron va Dovud mahallalarida ham yo‘lga qo‘yilib, tomorqalarda yetishtirilayotgan mahsulotlar salmog‘i oshdi.  

Aholining ertangi kunga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash barobarida odamlarning o‘z hayotidan mamnunligini ta’minlash yuzasidan Peshku tumanida ham keng ko‘lami ishlarga qo‘l urilmoqda. Bunga misol, tumanda shaxsiy ekin maydonlarini suv bilan ta’minlash uchun shu yilning o‘zida 6 ta artizan qudug‘i qazildi. Bir necha yillardan buyon ekin yerlarini sug‘orishda muammolarga duch kelayotgan aholi artezian quduqlari orqali obi hayot ta’minotiga ega bo‘ldi.  

– Tomorqadan ilgari bir marta hosil olgan bo‘lsak, endilikda suv muammosi hal bo‘lgandan keyin 3 martagacha mahsulot yetishtiryapmiz, – deydi qishloq nuroniylaridan biri Rafiq Halimov.  

Suv keltirgan elda aziz, deydi dono xalqimiz. Davlatimiz rahbarining 2021-yil 16-dekabrdagi “Tomorqadan foydalanish samaradorligini oshirish, shuningdek, aholining tadbirkorlik tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora -tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlashga qaratilgan maxsus dastur doirasidagi ishlarda ham suv ta’minotini hal qilish muhim ahamiyatga egadir.    

Masalan, G‘ijduvon tumanidagi Ko‘shk mahallasiga qarashli Yuqori Ko‘shk qishlog‘ida shaxsiy ekin maydonlari uchun suv manbalari yaratilganligi aholiga qulaylik bo‘ldi. Ushbu hudud aholisi chindan ham suvdan uzoq yillar qiynalib kelayotgan edi. Mana endilikda barcha qiyinchiliklar ortda qoldi.    

– Aholining uzoq yillik orzusi amalga oshirildi, – deydi “Ko‘shk” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Rashid  To‘xtayev. – Orziqib kutilgan obi hayot hududimizga kirib keldi.  

   Xullas, Buxoroning suv ta’minoti og‘ir hududlarida davlat yordami bilan obi hayot muammolari o‘z yechimini topmoqda. Bu esa tomorqa xo‘jaligini rivojlantirish imkoniyatlarini oshirishga xizmat qilmoqda.  

Zarif Komilov,

O‘zA muxbiri