Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Og‘ir” hududlar rivoji yo‘lidagi samarali rejalar
12:30 / 2026-02-04

Prezident topshirig‘i amalda 

Prezidentimiz raisligida kambag‘allikni qisqartirish va aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha 2026 yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan asosiy vazifalar yuzasidan videoselektor yig‘ilishda “og‘ir” tuman va mahallalarda aholini ish bilan ta’minlash va daromadini oshirish masalalari atroflicha ko‘rib chiqildi. 

Bu borada Toshkent viloyatida ham samarali sa’y-harakatlarni amalga oshirish rejalashtirilgan. Unga ko‘ra, “og‘ir” hudud sifatida tanlab olingan Oqqo‘rg‘on, Quyi Chirchiq va Piskent tumanlarini rivojlantirish bo‘yicha joriy yil ko‘plab vazifalar belgilab olindi. Xususan, joylardagi sanoat zonalarida bo‘sh turgan yer maydonlarida yangi loyihalar amalga oshiriladi. Qishloq xo‘jaligidagi 5 ming 49 gektar ijaraga berilgan yer maydonlarida “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyiliga asosan eksportbop mahsulotlar yetishtiriladi. 

Prezidentimizning 2025 yil 3 fevraldagi “Qishloq xo‘jaligi ekin maydonlari unumdorligini oshirish, tarmoqqa investitsiyalar jalb qilish uchun qulay shart-sharoit yaratish bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi bo‘yicha yangi tizim asosida 1 ming 431 gektar yer maydonlari “onlayn auksion”da tashabbuskor fuqarolarga sotilib, sanoatlashgan plantatsiya tashkil etish choralari ko‘riladi. 

Xizmat ko‘rsatish sohalarida esa tumanlardagi 55 ta mahallani qamrab oluvchi 3 ta gavjum ko‘cha, 6 ta sohil va yo‘l bo‘yi loyihalari amalga oshirilib, 137 ta savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Shu bilan birga, 1 ming 251 nafar aholi zamonaviy kasblarga o‘qitiladi. 

Jumladan, Quyi Chirchiq tumani misolida mazkur sa’y-harakatlar quyidagicha sarhisob qilingan. Hozir bu hududning 34 ta mahallasida 5 ming 57 nafar kambag‘al aholi va 2,5 ming ishsiz bor. Bu hududda zamonaviy bozor, yirik savdo markazlari, park va istirohat bog‘lari yo‘qligi uchun aholi qo‘shni tumanlarga yoki Toshkent shahriga qatnashga majbur. Lekin bu tumandagi mahallalar joylashuvi va ixtisoslashuvidan kelib chiqib, o‘ziga yarasha “solishtirma ustunlikka” ega. 

Mutaxassislarning kuzatuviga ko‘ra, bu tuman Toshkent shahriga tutash hududligi va u yerdagi salohiyatli tadbirkorlar bilan kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish mumkin. Hozirda Quyi Chirchiq tumanidagi 1,9 ming aholi poytaxtdagi korxonalarga qatnab ishlamoqda. Vaholanki, Toshkent shahridagi tadbirkorlar sanoat korxonalarini ko‘chirish yoki kengaytirish uchun o‘ziga yaqin hududdan joy izlamoqda. 

Ushbu tadbirkorlarga joy ko‘rsatib, zarur infratuzilma va sharoitlarni yaratib berish choralari ko‘riladi. Bundan tashqari, Quyi Chirchiq tumanida baliqchilikka ixtisoslashgan 5 ming gektarga yaqin ko‘llar mavjud. Zamonaviy, intensiv baliq yetishtirishni o‘zlashtirish orqali 15 ming tonna baliq yetishtirish mumkin. Bunda baliqchilik sohasida zamonaviy yo‘nalishlarni o‘zlashtirish yuzasidan kasbga tayyorlash kurslari ochilib, 300 nafardan ziyod mutaxassis tayyorlanadi. 

Shuningdek, tumanni baliqchilik sohasini eko va gastronomik turizm bilan bog‘lab rivojlantirish maqsad qilingan. Yana bir ahamiyatli jihat shuki, bu tuman hududida tashkil etilayotgan yangi xalqaro aeroport kelgusida iqtisodiy-ijtimoiy rivojlantirishda katta imkoniyatlar va resurslarni yaratadi. 

Jumladan, 200 mingdan ortiq ish o‘rni, savdo va xizmat ko‘rsatish ob’ektlari tashkil etiladi. Buning uchun hozirdan ishchi va kasblarga bo‘lgan talabni o‘rganib, mutaxassislarni tayyorlash ishlari tashkil etilmoqda. Shu o‘rinda viloyatdagi kambag‘allik darajasi yuqori va “og‘ir” mahallalarni rivojlantirish ham boshlangani quvonarlidir. 

Masalan, joylardagi 6 ta mahalla ishlab chiqarish va hunarmandchilikka, 12 tasi dehqonchilikka, 4 tasi chorvachilikka, 8 tasi savdo va xizmat ko‘rsatishga ixtisoslashtiriladi. Shu bilan birga, “og‘ir” mahallalarda 300 kilovatt soat quvvatga ega kichik fotoelektr-stansiyalariga zarur yer maydonlari ajratilib, ishga tushiriladi. Birinchi guruh nogironligi bo‘lgan va mehnatga layoqatli a’zosi bo‘lmagan 95 ta kambag‘al oilalar xonadonlari energiya samaradorligini oshirish uchun ta’mirlanib, quyosh paneli va geliokollektorlar o‘rnatiladi.

– Tahlillarga ko‘ra, “chuqur” ixtisoslashuvga ega mahallalarda turmush farovonligi qolganlariga nisbatan ancha yuqori, ijtimoiy yordam oluvchilar soni ham 2 barobar kam ekan, – deydi Toshkent viloyati kambag‘allikni qisqartirish va bandlik boshqarmasi boshlig‘i Ziyodbek Yo‘ldoshov. – Shu tufayli bu toifadagi mahallalar uchun bir qator imtiyozlar berilishi rejadagi ishlarni jadallashtirishga imkoniyat yaratadi. Shu sabab joriy yilda mahallalar tegishli tartibda qishloq xo‘jaligida xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar, “Usta-dehqon”lar, eksportyor-ishlab chiqaruvchi tadbirkorlik sub’ektlari hamda davlat banklariga biriktirish orqali ixtisoslashuvi chuqurlashtiriladi. 

Shuningdek, “mahalla yettiligi” bilan suv ta’minotini yaxshilash, sifatli urug‘ va ko‘chat yetkazib berishni tizimli yo‘lga qo‘yish orqali odamlarning turmush sharoitini o‘zgartirishga alohida e’tibor qaratiladi. Misol uchun, “Yangiyo‘l-Agro Star” MCHJ tomonidan Yangiyo‘l tumani mahallalaridagi aholi xonadoni va dehqon xo‘jaliklari pomidor, bulg‘or qalampiri va ko‘kat yetishtirish uchun ixtisoslashuvini chuqurlashtirish maqsadida qamrab olindi. 

Xonadon va dehqon xo‘jaligi egalari dastlab zamonaviy usulda pomidor, bulg‘or qalampiri va ko‘kat yetishtirish sirlari o‘rgatildi. Joriy yilda 4,7 ming gektarga 54 ming 400 tonna hosil yetishtirish va 144,6 milliard so‘m daromad olinishi ta’minlanadi. Natijada 38 080 tonna mahsulot qayta ishlanib, eksportga yo‘naltiriladi. 

A.Musayev, O‘zA.