Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Og‘ir atletikachilarimizning “Parij-2024” reytingidagi holati qanday?
11:35 / 2023-05-22

Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi(IWF) tomonidan e’lon qilingan “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari yangilangan reytingiga ko‘ra, mamlakatimizning 16 nafar sportchisi to‘rt yillik o‘yinlar tizimidan joy oldi.

Tokio Olimpiadasida qatnashish uchun joriy etilgan reyting ko‘rsatkichida yurtimizning 8 nafar og‘ir atletikachisi dastlabki Olimpiya kurashida qatnashgan edi. Yakunda ularning 4 nafari “Tokio-2020” o‘yinlarida qatnashish baxtiga erishgan.  

Bu gal Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etishga nomzod sportchilar ro‘yxatida 16 nafar og‘ir atletikachilarimiz borligi O‘zbekiston sportida, xususan og‘ir atletika yo‘nalishida yangi sahifa ochilganining yorqin ifodasi hisoblanadi.  

Og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionati yakunlangandan keyin e’lon qilingan reytingga binoan aksariyat vaznlardagi yetakchilik xitoylik sportchilarga tegishli bo‘ldi.  

O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Akbar Jo‘rayev va Rustam Jangabayev kuchli o‘nlikda qayd etilgan bo‘lsa, Ruslan Nuriddinov va Tursunoy Jabborova yigirmatalik qatordan joy olishdi.  

Olimpiya reytingiga kiritilgan Doston Yoqubov 24-o‘rinda, Nigina Adashboyeva 26-o‘rinda, Sharofiddin Amriddinov 27-o‘rinda, Muhammadqodir Toshtemirov 32-o‘rinda, Adhamjon Ergashev 35-o‘rinda, Nigora Abdullayeva 32-o‘rinda ko‘rinish bergan.  

Shuningdek, Og‘abek Nafasov, Diyorbek Ro‘zmetov, Og‘abek To‘xtayev, Sunnatilla O‘sarov, Hojiakbar Olimov, Qurbonmurod Nomozov o‘z vaznlarida “Parij-2024” pog‘onasidan o‘rin olgani e’tiborli holat ekanligini qayd etmoq joiz.  

Shu o‘rinda aytish lozim, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi olimpiya saralash tizimiga muvofiq, sportchi “Parij-2024”da ishtirok etish uchun kelgusida ikkita majburiy hamda beshtadan uchta ixtiyoriy xalqaro musobaqada qatnashishi kerak bo‘ladi. Bu, joriy yil 2-17 sentyabr kunlari Saudiya Arabistonida o‘tadigan Jahon chempionati va keyingi yil aprel oyida Tailand mezbonligidagi Jahon kubogi sanaladi.  

“Parij-2024” Olimpiadasining beshta ixtiyoriy musobaqalaridan biri bo‘lgan Osiyo chempionati aynan kelgusi yil 20-27 fevral kunlari poytaxtimiz Toshkentda tashkil etilishi e’tiborli voqelikdir.  

Eslatib o‘tamiz, “Parij-2024” Olimpiadasida og‘ir atletika musobaqalari erkaklar o‘rtasida beshta va ayollar o‘rtasida beshta vazn toifalarida bo‘lib o‘tadi. Har bir vaznda aynan qaysi sportchi milliy terma jamoa tarkibida Olimpiya o‘yinlarida qatnashishini reytingdagi ballari hamda murabbiylar kengashi hal etadi.  

Yurtimiz og‘ir atletikachilarining 16 nafari “Parij-2024” reytingidan joy olishi mamlakatimizda iqtidorli sportchilarni saralash, ularga zarur shart-sharoitlar yaratish borasida keng qamrovli ishlar samarali olib borilayotganidan dalolat.  

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA