Chirchiq shahrida og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi Markaziy Osiyo chempionati qizg‘in davom etmoqda. Chempionatning navbatdagi kunida qizlar o‘rtasida -49 kg. hamda o‘g‘il bolalar o‘rtasida -55 kg. vazn toifasida bahslar o‘tkazildi.
O‘g‘il bolalar o‘rtasidagi bahslarda hamyurtimiz Nurbek To‘xtayev ikkikurash natijasiga ko‘ra 195 kg. natija bilan kumush medalni qo‘lga kiritdi. Oltin va bronza medallari esa qirg‘izistonlik Ernis Baktybekov hamda Turdubek Kalibekovga nasib etdi.

Qizlar orasida mamlakatimiz sharafini himoya qilgan Malika Hojiyeva ikkikurash natijasi bilan oltin medalga sazovor bo‘ldi. Yana bir vakilimiz Feruza Qadamboyeva esa ushbu yo‘nalishda kumush medalga ega chiqdi. Tumara Japarova (Qirg‘iziston) shohsupaning uchinchi o‘rnidan joy oldi.

Shuningdek, U15 toifasidagi O‘zbekiston chempionatida qizlar -49 kg. vazn toifasida, o‘g‘il bolalar esa -49 hamda -55 kg. vazn toifalarida bahslarga kirishdi. Nurislom G‘afurjanov, Tohir Turopov va Sarvara Tilovova o‘z vaznlarida ikkikurash natijasiga ko‘ra shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan o‘rin egalladi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA