Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Og‘ir atletikachilarimiz qit’a chempionatini 25 medal bilan yakunladi
23:43 / 2024-02-10

Poytaxtimizda o‘tgan og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionati "Parij-2024" o‘yinlari reyting ochkolarini taqdim etgani bilan ahamiyatli bo‘ldi.

Chempionatning so‘nggi sakkizinchi kunida erkaklar o‘rtasida 109 va +109 kilogramm vaznli polvonlar bellashuvi bo‘lib o‘tdi.

Musobaqalarda Rio-2016 yozgi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Ruslan Nurudinov, umidli sportchimiz, yoshlar o‘rtasida jahon chempioni Sharofiddin Amriddinov 109 kiloda, Qoraqalpog‘iston og‘ir atletika maktabida kamolga yetgan Rustam Jangaboyev +109 kilogrammda yurtimiz sharafini himoya qildi.

109 kilodagi bahslarda asosiy kurash Ruslan Nurudinov va Sharofiddin Amriddinov o‘rtasida kechdi. Dast ko‘tarishning ilk urinishini 166 kilogramm bilan boshlagan Sharofiddin uchinchi urinishda 176 kilogramm toshni bo‘ysundirdi va oltin medalga sazovor bo‘ldi. Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Nuriddinov esa 175 kilogramm bilan cheklandi va kumush medalni qo‘lga kiritdi. Bronza medali esa Birlashgan Arab Amirliklari vakili Abdu al G‘afforga nasib etdi.

Siltab ko‘tarishdagi musobaqalarda tajribali Nurudinov 207 kilogramm toshni bo‘ysundirib oltin medalli bo‘ldi. Shuningdek, ikkikurashdagi 382 kilogramm uning yana bir oltin medalga sazovor bo‘lishini ta’minladi. Siltab ko‘tarishda Amriddinov (205) 2-o‘rinni, BAA vakili 201 kilo bilan 3-o‘rinni band etdi. Ikki kurashda Amriddinov (381) kumush, al G‘affror 2-o‘rindan joy oldi.

[gallery-15911]

+109 kilogramm vazn toifasidagi bahslarda Armaniston terma jamoasi tarkibida Rio olimpiadasi kumush medal sohibi Tigran Minasyanning ishtirok etgani medallar uchun kurashdagi raqobatni yanada kuchaytirdi. Hozirda Bahrayn sharafini himoya qilayotgan Minasyan 2023 yili Ar-Riyodda o‘tgan jahon chempionatida bronza medaliga ega chiqqandi. 2018 yilgi jahon chempionatida bronza medali sohibi bo‘lgan terma jamoamiz a’zosi Rustam Jangabayev unga munosib raqobat ko‘rsatishini umid qilgandik. Biroq barchasi boshqacha kechdi. Dast ko‘tarish musobaqalari sarhisobiga ko‘ra, 207 kilogramm bilan Minasyan 1-o‘rinni, suriyalik Man Assad esa Jangabayev bilan bir xil 192 kilogramm ko‘rsatkichga erishib, 2- va 3-o‘rinlarni bo‘lishib olishdi.

Siltab ko‘tarish musobaqalarida Bahrayn sharafini himoya qilgan Minasyan 236 kilogramm natija bilan 2-o‘rinni egalladi. Ikkikurashdagi umumiy 444 kilogramm natija esa Minasyanning 1-o‘rinni egallashiga olib keldi. Aytish lozim, siltab ko‘tarish musobaqalarida suriyalik Man Assad 252 kilogramm toshni bo‘ysundirib qit’a rekordini o‘rnatish bilan ushbu yo‘nalishda oltin, ikkikurashda kumush medalni naqd qildi. 

Terma jamoamiz a’zosi Rustam Jangaboyev siltab ko‘tarish va ikkikurash yakunlariga ko‘ra, 4-o‘rin bilan kifoyalandi.

Poyoniga yetgan qit’a chempionatida O‘zbekiston og‘ir atletikachilari 8 ta oltin, 12 ta kumush va 5 ta bronza, jami 25 ta medallar shodasiga ega chiqdi. 33 medal bilan Shimoliy Koreya 1-o‘rinni egallagan bo‘lsa, 27 ta medal jamg‘argan Janubiy Koreya 2-o‘rindan joy oldi. 25 ta medallar shodasini jamg‘argan O‘zbekiston og‘ir atletikachilari 34 davlat orasida 3-o‘rin sohibi bo‘ldi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA