Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Og‘ir atletikachilarimiz Qatar turnirida katta muvaffaqiyatga erishdi
21:07 / 2025-12-26

Qatar poytaxti Doha shahrida og‘ir atletika bo‘yicha bir hafta davom etgan “10th Qatar Weightlifting Cup” turnirini umumiy hisobda 23 ta medallar shodasi bilan yakunladi.

Nufuzli musobaqaning so‘nggi kunida +110 kilogramm vazn toifasida vatanimiz sharafini yosh va mahoratli og‘ir atletikachimiz Amir Abdullayev himoya qildi.

30 ta davlat sportchilari qatnashgan turnirning ushbu vaznida Eron, Gruziya, Turkiya, Vengriya kabi davlatlarning og‘ir vaznli tajribali polvonlari g‘oliblik uchun kurash olib borgan vaziyatda terma jamoamiz a’zosi  A. Abdullayev 1 ta oltin, 2 ta kumush medallarni qo‘lga kiritdi.

Mahoratli sportchimiz dast ko‘tarish bahslarida 176 kg, 181 kg va 184 kg og‘irliklarni muvaffaqiyatli ko‘tardi. Siltab ko‘tarishda 205 kg va 211 kg og‘irlikdagi toshlarni bo‘ysundirdi. Ikki kurash yakuniga ko‘ra, jamlangan 395 kg natija yurtimizda og‘ir vaznda yana bir iste’dodli sportchi yetishib kelayotganligini ko‘rsatdi.

Bir kun muqaddam Nigora Suvonova -86 kg vazn toifasida 3 ta kumush, Muhammadqodir Toshtemirov 3 ta oltin medalga sazovor bo‘lishi va ortda qolgan kunlardagi sovrinli o‘rinlar tufayli O‘zbekiston terma jamoasi yilning so‘nggi xalqaro turnirida katta muvaffaqiyatga erishishiga olib keldi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA