Og‘ir atletikachilarimiz Gruziyada kuch sinashdi
Gruziya poytaxti Tbilisi shahrida uch karra Olimpiya o‘yinlari g‘olibi va rekordchisi Kaxi Kaxiashvili sovrini uchun o‘tkazilgan “Kaxi kubogi–2025” ochiq turnirida o‘zbekistonlik 2 nafar og‘ir atletikachi ishtirok etdi.
Dunyoning turli mamlakatlaridan yetakchi og‘ir atletikachilar, jumladan Olimpiya o‘yinlari sovrindorlari, jahon va Yevropa chempionlari Yusuf Genc, Gor Minasyan kabi mashhur sportchilar bilan kechgan qizg‘in musobaqalar davomida terma jamoamiz a’zolaridan Diyorbek Odilov dast ko‘tarishda 108 kg., siltab ko‘tarishda esa 145 kg. og‘irlikni bo‘ysundirib, ikki kurash natijasiga ko‘ra, 253 kilo ko‘rsatkichni qayd etdi. Yosh sportchimiz Og‘abek Nafasov dast ko‘tarishda 107 kg., siltab ko‘tarishda 129 kg. toshni bo‘ysundirib, umumiy hisobda 236 kg. og‘irlikni zabt etdi.

Mazkur xalqaro musobaqa sportchilarimiz uchun oldinda kutilayotgan yirik bellashuvlarga tayyorgarlik vazifasini o‘tadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA