Og‘ir atletikachilarimiz “Fajr Cup” turnirida 15 ta medalli bo‘ldi
Eron poytaxti Tehron shahrida og‘ir atletika bo‘yicha yakunlangan “Fajr Cup” xalqaro turnirida mamlakatimiz sportchilari muvaffaqiyatga erishdi.
Musobaqada ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolarining barchasi sovrinli o‘rinlarni egallagani o‘ziga xos natija bo‘ldi.

Xalqaro turnirning so‘nggi kunida -94 kg. vazn toifasida bahs olib borgan sportchimiz Muhammadqodir Toshtemirov yuqori natija qayd etdi. U dast ko‘tarishda 160, 165 va 170 kilogramm og‘irlikdagi toshlarni muvaffaqiyatli bo‘ysundirdi.

Siltab ko‘tarishda Toshtemirov barqaror chiqish qilib, 194 va 200 kilogramm og‘irlikdagi toshlarni zabt etdi. Ikkikurash yakunida sportchimiz 370 kilogramm umumiy natija qayd etib, musobaqaning uchta oltin medaliga sazovor bo‘ldi.

“Fajr Cup” turnirida umumiy hisobda 15 ta medalni qo‘lga kiritgan og‘ir atletikachilarimiz umumjamoada 2-o‘rinni egalladi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA