Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Og‘ir atletikachilarimiz Doha turnirida muvaffaqiyatli qatnashmoqda
11:15 / 2025-12-22

Qatar poytaxti Doha shahrida davom etayotgan “10th Qatar Weightlifting Cup” turnirining ortda qolgan ikki kunlik bahslari sarhisobiga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 3 ta kumush va 3 ta bronza medaliga sazovor bo‘lishga muvaffaq bo‘ldi.

30 dan oshiq davlatning og‘ir atletikachilari ishtirok etayotgan turnirning ilk kunida -48 kilogramm vazn toifasida dast va siltab ko‘tarish bahslarida supaga ko‘tarilgan yosh sportchimiz Munisa Odilova kumush medallarga sazovor bo‘ldi. Umumiy hisobda 143 kg. og‘irlikni o‘ziga bo‘ysundirgan Munisa ikki kurash yakuniga ko‘ra ham yana bir kumush medalga ega chiqdi.

Xalqaro turnirning kecha poyoniga yetgan ikkinchi kungi bahslarida ikki yillik tanaffusdan keyin katta sportga qaytgan Adhamjon Ergashevning ketma-ket ikkinchi musobaqada muvaffaqiyatga erishgani e’tiborli bo‘ldi.

Chinakam irodasini namoyish etgan A.Ergashev -65 kilogrammli sportchilar orasida dast ko‘tarish, siltab ko‘tarish hamda ikki kurash yakuniga ko‘ra, uchta bronza medalni qo‘lga kiritdi.

Ushbu vazn toifasida oltin medal Shimoliy Koreya terma jamoasi a’zosi Kim Hyok Songga, kumush medal Saudiya Arabistoni vakili Seraj Abdulrahim Al Saleyemga nasib etdi.

Eslatib o‘tamiz, 27 dekabrga qadar davom etadigan mazkur turnirda 9 nafar og‘ir atletikachimiz o‘z vazn toifalarida g‘oliblik uchun kurash olib bormoqda.

T.Ro‘ziyev, O‘zA