Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Og‘ir atletikachilar Xorazmda kuch sinashdi
19:50 / 2024-09-17

Urganch shahrining “Yoshlik” sport majmuasida Respublika og‘ir atletikachilarining kattalar va yoshlar toifasidagi sportchilari o‘rtasida O‘zbekiston kubogi hamda 17 yosh toifasidagi sportchilar ishtirokida ilk bora “O‘zbekiston open” respublika ochiq chempionati bo‘lib o‘tdi.

– Musobaqada 200 nafar sportchi ishtirok etdi va u yuksak darajada o‘tdi, – deydi Respublika og‘ir atletika federatsiyasi xodimi Abdusattor Mamasiddiqov. – Chunki musobaqa rekordlarga va natijalarga boy bo‘ldi. Toshkent viloyatidan kelgan sportchi Bekzod G‘ofurjonov o‘smirlar o‘rtasida norasmiy ravishda bo‘lsa ham jahon rekordini yangiladi. Shuningdek, sinovlar davomida dast va siltab ko‘tarish bo‘yicha O‘zbekistonning bir nechta rekord natijalari yangilandi.  

“O‘zbekiston kubogi” musobaqasi esa keyingi yil respublika terma jamoasiga kiradigan sportchilarni saralab olish uchun zamin yaratdi. Musobaqalar natijalariga ko‘ra katta yoshlilar toifasida erkaklar va ayollar o‘rtasidagi bahslarda Xorazm viloyati jamoasi g‘olib bo‘ldi. Sovrinli o‘rinlarga Samarqand va Toshkent viloyatlari jamoalari, ayollar bellashuvida esa Qarshi va Navoiy shaharlaridagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari jamoalari peshqadam bo‘ldi.  

[gallery-19308]

“O‘zbekiston kubogi”ning “Eng yaxshi sportchilari” deya Namangan viloyati sportchisi Muhammadqodir Toshtemirov va mezbon jamoa vakilasi Shahlo Abdullayevaning nomlari e’tirof etildi. Musobaqada Olimpiya o‘yinlari g‘olibi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan sportchi Ruslan Nuriddinov eng og‘ir vazn toifasida siltab va dast ko‘tarish bahslarida jami 421 kilogramm natija bilan respublika kubogini qo‘lga kiritdi.  

– Anchadan buyon gohida jarohatlarim, gohida xalqaro musobaqalar davriga to‘g‘ri kelib qolgani uchun bu kabi musobaqalarda ishtirok etmayotgan edim, – deydi Ruslan Nuriddinov. – “O‘zbekiston kubogi”da qatnashish men uchun shu yil dekabr oyida bo‘lib o‘tadigan jahon chempionati oldidan yaxshi sinov bo‘ldi. Jismoniy imkoniyatlarimni yana bir bor tekshirib oldim. Jahon chempionatidan ham bugungi musobaqadagi kabi yorug‘ yuz bilan qaytaman, degan niyatim bor.  

Yoshlar ishtirokidagi musobaqada xorazmlik yosh atletlar jamoasi tengsiz deb topildi. Sinovlarda Qarshi va Navoiy shaharlaridagi Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari jamoalari, Toshkent viloyati va Qoraqalpog‘iston Respublikasi yosh sportchilari umumjamoa hisobida sovrindor bo‘ldi. “O‘zbekiston open” respublika ochiq chempionatida Navoiy shahar Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi jamoasi eng yaxshi natijani ko‘rsatdi.  

Umumjamoa hisobida Qarshi shahar Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi jamoasi va og‘ir atletika bo‘yicha Xorazm viloyati terma jamoasi sovrindor bo‘ldi. Musobaqa yakunida g‘olib va sovrindorlarga O‘zbekiston sport vazirligi va Respublika og‘ir atletika federatsiyasining medal, faxriy yorlik, pul mukofoti va esdalik sovg‘alari topshirildi.  

<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/wX7Qc14r9hI?si=SeXD_ZN0K6lYyHtx" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Ahmadjon Shokirov, Behzod Saidov (surat, video),  

O‘zA muxbirlari