Urganch shahridagi “Yoshlik” sport majmuasida besh kun davomida O‘-20 yoshlar va kattalar (erkaklar hamda ayollar) o‘rtasida og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekiston kubogi hamda Markaziy Osiyo ochiq chempionati bo‘lib o‘tdi.
Mazkur chempionatda mamlakatimizning barcha hududlaridan yetakchi sportchilar, shuningdek, Turkiya, Qirg‘iziston, Turkmaniston va Tojikiston kabi davlatlardan atletlar qatnashib, o‘z mahoratlarini namoyish etdilar. Har bir bahs murosasiz kurashlarga boy bo‘lib, tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Musobaqa davomida bir nechta yangi O‘zbekiston rekordlari o‘rnatildi. Xususan, Nigora Abdullayeva, Rigina Adashboyeva va Omadillo Olimov o‘z vazn toifalarida tarixiy natijalarga erishib, milliy rekordlarni yangiladi.
Shuningdek, musobaqani adolatli va shaffof o‘tkazishni ta’minlash maqsadida doping nazorati ham o‘tkazildi.
Bundan tashqari, bir qator nominatsiyalar bo‘yicha eng yaxshi sportchilar aniqlandi. Jumladan, kattalar o‘rtasida eng yaxshi ayol sportchi — Nigora Abdullayeva, yoshlar o‘rtasida eng yaxshi qiz bola sportchi — Madina Fayzullayeva, kattalar o‘rtasida eng yaxshi erkak sportchi — Sharofiddin Amriddinov va yoshlar o‘rtasida eng yaxshi o‘g‘il bola sportchi — Ruslan Rahmatjonov deya e’tirof etildi.
– Musobaqada xorijlik sportchilar soni ham oldingilaridan ko‘proq bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi xodimi Abdusattor Mamasodiqov. – O‘zbekiston kubogining o‘zida respublikamizning 200 dan ortiq atletlari ishtiroq etishdi. Shu safar juda ko‘p rekordlar yangilandi. Bu mamlakatimiz uchun katta yutuq. Musobaqada, ayniqsa, Xorazm viloyati vakillari yoshlar o‘rtasida o‘g‘il bolalar hamda qiz bolalar yo‘nalishida yuqori marralarni egallaganini alohida e’tirof etmoq lozim.
Musobaqa yakuniga ko‘ra, hududlarning natijalari:
Kattalar: erkaklar:
1. Toshkent viloyati.
2. Samarqand viloyati.
3. Xorazm viloyati.
Kattalar: ayollar:
1. Xorazm viloyati.
2. Qashqadaryo viloyati.
3. Navoiy viloyati.
Yoshlar: o‘g‘il bolalar:
1. Xorazm viloyati.
2. Toshkent viloyati.
3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi.
Yoshlar: qiz bolalar:
1. Xorazm viloyati.
2. Navoiy viloyati.
3. Namangan viloyati.
[gallery-25304]
Qayd etish kerak, Urganch shahrida o‘tgan O‘zbekiston kubogi musobaqalari va “Markaziy Osiyo” ochiq chempionati sportchilar uchun nafaqat sovrinli natijalar, balki oldinda turgan xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik va sinov vazifasini ham bajardi.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov (surat), O‘zA muxbirlari