Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Og‘ir atletika: Toshkentda qit’a chempionati o‘tkaziladi
12:06 / 2022-07-13

Mamlakatimiz yildan yilga yirik xalqaro sport musobaqalarini qabul qilayotgan yirik davlatlar qatoridan joy olmoqdaki, bu, O‘zbekistonning dunyo hamjamiyatidagi obro‘-e’tibori yuksalib borayotganligidan dalolat.

Xabar berganimizdek, joriy yilning 15-25 iyul kunlari poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida o‘tkazilishi kutilayotgan Osiyo chempionati ham ayni holatning yorqin ko‘rinishidir. 

Shu kunlarda mazkur nufuzli musobaqa va uning doirasida o‘tadigan Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi kongressi, turli komissiyalarning yig‘ilishlarini yuqori saviyada tashkil etish tashkiliy masalalari borasida keng qamrovli ishlar olib borilmoqda. 

Osiyo chempionati dasturiga binoan joriy yilning 13 iyulidan ishtirokchi davlatlar sport jamoalari Toshkentga kela boshlashadi. 15 iyul kuni texnik, hakamlar va murabbiylar komissiyalarining yig‘ilishlari bo‘lib o‘tsa, 16 iyul kuni Osiyo og‘ir atletika federatsiyasi kongressi tashkil etiladi. Chempionatning tantanali ochilish marosimi esa 17 iyul kuniga belgilangan. 

O‘smirlar va yoshlar o‘rtasidagi bu yilgi qit’a birinchiligida 22 ta davlatning 400 nafardan ziyod sportchilari medallar uchun kurash olib borsa, mamlakatimiz o‘smir-yoshlar terma jamoasining 30 nafar atrofidagi a’zolari yurtimiz sharafini himoya qilishi kutilmoqda. 

– Chempionatga alohida tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz. Bitta tarkib Qozog‘istonning Chimkent viloyatida o‘tayotgan o‘quv-mashg‘ulotlarda qatnashmoqda. Ikkinchi tarkib Chirchiq shahridagi mashg‘ulotlarda mahoratini oshirmoqda. Har ikkala tarkib musobaqalar boshlangunga qadar o‘quv-yig‘inda bo‘ladi. Undan so‘ng, chempionatda qatnashadigan sportchilar jamoasi e’lon qilinadi, – deydi og‘ir atletika bo‘yicha milliy terma jamoa bosh murabbiyi Bahrom Mendiboyev. 

To‘lqin Ro‘ziyev,  O‘zA