Saudiya Arabistonida davom etayotgan VI Islom birdamligi o‘yinlarining og‘ir atletika bahslari poyoniga yetdi.
Xo‘sh, mamlakatimiz polvonlari Islom birdamligi o‘yinlarining bu galgi musobaqalarida ko‘zlangan natijaga erishdimi? Istaklarimiz natijalarga mos keldimi?
O‘yinlarda O‘zbekiston terma jamoasining 10 nafar sportchisi besh kunlik og‘ir atletika bahslarida 6 ta oltin, 9 ta kumush va 5 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida yetakchilardan biri ekanini namoyish etdi.

E’tiborga molik jihatlardan yana biri, musobaqada qatnashgan yigitlarimizning barchasi 100 foizlik natija ko‘rsatdi, ya’ni 5 nafar polvonning har biri shohsupaga ko‘tarildi.
Adhamjon Ergashev ikki yillik tanaffusdan so‘ng xalqaro maydonga qaytib, delegatsiyamiz hisobiga oltin, kumush hamda bronza medallarini sovg‘a qildi.
Nigora Abdullayeva ilk bor ishtirok etgan Islom birdamligi o‘yinlarida birdaniga 3 ta kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Yosh sportchimiz Diyorbek Ro‘zmetov delegatsiyamiz hisobini kumush medal bilan boyitdi.
Tajribali polvonimiz Sarvarbek Zafarjonov 2 ta oltin va 1 ta kumush medal sohibiga aylandi. Shu tariqa, Sarvarbekning Islom birdamligi o‘yinlaridagi umumiy natijasi 5 ta oltin va 1 ta kumush medalni tashkil etmoqda. Bu ko‘rsatkich Akbar Jo‘rayevdan keyin eng yuqori natija hisoblanadi.
Qizlarimizdan Rigina Adashbayeva va Tursunoy Jabborova ham qit’a miqyosida yetakchilar qatorida ekanliklarini ko‘rsatib, 3 tadan kumush va bronza medalini o‘z nomlariga yozdirib qo‘ydi.
Jahon og‘ir atletikasining eng nomdor sportchilaridan biri sanalgan Akbar Jo‘rayev kutilganidek bu gal ham raqiblariga imkon qoldirmadi. 3 ta oltin medalga egalik qilgan Jo‘rayevning Islom birdamligi o‘yinlaridagi medallari soni 6 taga yetdi va ularning barchasi oltin! Bu, O‘zbekiston sporti tarixidagi eng yuqori natija hisoblanadi.
Aytish lozim, og‘ir atletikachilarimiz bundan uch yil muqaddam Turkiyada o‘tgan V Islom birdamligi o‘yinlarida 15 ta medalni qo‘lga kiritgan edi. Joriy yilda esa bu ko‘rsatkich 5 ta medal hisobiga yanada yaxshilangani e’tiborli.
Bugungacha O‘zbekiston sport delegatsiyasining umumiy medallari soni 46 tani tashkil etayotgan bo‘lsa, ularning 20 tasi og‘ir atletikachilarimiz hissasiga to‘g‘ri kelayotgani tahsinga sazovor voqelik.
Bu ko‘rsatkichlar yurtimizda boshqa sport turlari qatori og‘ir atletika izchil rivojlanayotgani, murabbiylar, sportchilar, mutaxassislarning fidokorona mehnati mahsuli, deyish mumkin.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA