French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Og‘ir atletika: Saudiya Arabistoni bilan hamkorlik mustahkamlanmoqda
18:33 / 2021-10-04

Xabaringiz bor, ertaga 5 oktyabr kuni Saudiya Arabistonining Jidda shahrida og‘ir atletika bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasida jahon chempionati boshlanadi.

Dunyoning 70 dan ziyod davlat sportchilari ishtirok etayotgan mazkur nufuzli musobaqada Ashrafxon Abdujamilov, Husinboy Matrasulov, Qudratbek Salimjonov, Diyorbek Ermatov va Qurbonmurod Namozov o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi musobaqalarda ishtirok etsa, qizlar o‘rtasida Sevinch Komilova, Ozoda Hojiyeva, Nigora Suvonova va Madina Jo‘rayeva yurtimiz sharafini himoya qiladi.

Bugun O‘zbekiston og‘ir atletika terma jamoasi a’zolari Jidda shahriga yetib borishdi. Vakillarimizni jahon chempionati tashkiliy qo‘mitasi a’zolari kutib olib, belgilangan mehmonxonalarga joylashtirishdi.

E’tiborli tomoni, bugun 4 oktyabr kunining o‘zida Saudiya Arabistoni og‘ir atletika federatsiyasi rahbariyati O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shaxrulla Mahmudov bilan O‘zbekiston tajribasini Saudiya Arabistonida omalashtirish, o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlari, seminarlar o‘tkazish bo‘yicha uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuv jarayonida Saudiya Arabistoni og‘ir atletika federatsiyasi prezidenti Muhammad al Harbiy keyingi yillarda O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar natijasida qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar sportchilarning g‘alabalarida yorqinroq aks etayotganligini ta’kidlab o‘tdi.

O‘z navbatida mamlakatimiz og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Sh. Mahmudov Saudiya Arabistoni og‘ir atletika maktabi bilan o‘rnatilayotgan hamkorlik aloqalari har ikki tomon uchun ham manfaatli ekanligini ta’kidlab, yurtimiz sportchilarining xalqaro musobaqalardagi g‘alabalarida ulardagi vatanparvarlik hissi yuqoriligini bildirib o‘tdi.

Do‘stona o‘tgan muloqotlar davomida kelgusi rejalar, hamkorlik aloqalarini mustahkamlash masalalarida bir qator kelishuvlarga erishildi.

Aytish lozimki, yosh va iqtidorli murabbiylar Nurillo Tog‘ayev va Jo‘ra Zoirov rahbarligidagi terma jamoamiz a’zolari ertadan bahslarga kirishadi. Joriy yilning 12 oktyabriga qadar davom etadigan chempionat yosh polvonlarimiz uchun 2022 yilgi nufuzli turnirlar oldidan o‘ziga xos tayyorgarlik bosqichini o‘tashi, shubhasiz.

T. Ro‘ziyev, O‘zA