Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Og‘ir atletika: Qatarda boshlangan xalqaro turnirda Toshkent nomi esga olindi
16:16 / 2023-12-04

Bugun, 4 dekabr kuni Qatarda og‘ir atletika bo‘yicha "Parij-2024" Olimpiadasi uchun qimmatli reyting ochkolarini taqdim etadigan Gran-pri turniri boshlandi.

Nufuzli musobaqa oldidan Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi ijroiya qo‘mitasining yig‘ilishi o‘tkazildi.  

Yig‘ilishda yaqin vaqt ichida og‘ir atletika bo‘yicha o‘tadigan yirik musobaqalarga mezbonlik qiladigan davlatlar belgilab olindi. E’tiborlisi, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi ijroiya qo‘mitasi a’zolarining ovoz berishi natijasida Toshkent shahri 2025 yili yoshlar o‘rtasida o‘tadigan jahon chempionati mezbonligini qo‘lga kiritdi.  

Qayd etish joiz, 2018 yili yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionati poytaxtimizda yuqori saviyada o‘tkazilgandi.  

2026 yilgi kattalar o‘rtasidagi dunyo birinchiligi Xitoyning Ninbo shahrida o‘tadigan bo‘ldi.  

Kattalar o‘rtasidagi 2024 yilgi jahon chempionati Bahraynda, 2025 yilgisi esa Norvegiyada tashkil etilishi rasman tasdiqlandi.  

Qatar Gran-prisining birinchi kunida terma jamoamiz a’zolaridan Jamila Panfilova ishtirokini boshlaydi. 49 kilogramm vazn toifasiga ega atletimiz “V” guruhida o‘z omadini sinab ko‘radi.  

Eslatib o‘tamiz, 14 dekabrga qadar davom etadigan Qatar Gran-pri turnirida mamlakatimiz sharafini shuningdek, Doston Yoqubov, Muhammadqodir Toshtemirov, Sarvar Zafarjonov, Rustam Jangaboyev, Regina Adashboyeva kabi sportchilarimiz himoya qilmoqda.  

T. Ro‘ziyev, O‘zA