English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Og‘ir atletika o‘zgarishlar ostonasidami?
10:45 / 2022-05-25

Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF) kelgusi oyda o‘z tarixidagi eng muhim saylovni o‘tkazadi. Tashkilot prezidentligi saylovlarida ishtirok etish uchun 11 nafar, vitse-prezidentlik uchun 33 nafar nomzodga ruxsat berildi.

E’tiborli jihati, tegishli komissiya tomonidan tasdiqlangan hamda Xalqaro olimpiya qo‘mitasi e’tirof etgan IWF vitse-prezidentligiga, ijroiya kengashiga, tegishli komissiyalarga nomzod sifatida ma’qullaganlar orasida o‘zbekistonlik mutaxassislar ham qayd etilgan. 

Sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov IWF vitse-prezidentligi hamda ijroiya kengash a’zoligiga nomzodi ko‘rsatilgan bo‘lsa, yana bir yurtdoshimiz, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi xalqaro bo‘lim boshlig‘i Zuhra Abdullayeva IWFning ikkita yetakchi komissiyasi a’zoligiga nomzod bo‘lganlar qatoridan joy olgan.   

Xalqaro olimpiya qo‘mitasi IWFga mazkur saylovlarning o‘tkazilishi yuzasidan rasmiy axborot maktubini jo‘natdi. XOQ sport direktori Kit Makkonnell imzosi bilan yo‘llangan rasmiy murojaatda 25-26 iyun kunlari Albaniyaning Tiran shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan saylovlar muhimligi aytilib, bu anjuman og‘ir atletikaning haqiqiy o‘zgarishlar va yangi madaniyat sari odimlash imkoniyati ekanligi ta’kidlangan.  

IWF prezidentligiga da’vogar bo‘lgan 11 nafar nomzoddan ikkitasi AQSHdan, besh nafari IWF ijroiya kengashining amaldagi a’zosi va ikkitasi Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasining sobiq boshqaruv a’zolaridir.  

IWFning yangi yetakchisi bo‘lish uchun hozirda Kengash a’zolari bo‘lgan qatarlik Yusuf Al-Mana, finlyandiyalik Karolina Lundal, qozog‘istonlik Janat Tusupbekov, gretsiyalik Pirros Dimas va iroqlik Muhammad Jaloud o‘z nomzodini ilgari surgan.  

Shuningdek, 2020 yil oktabr oyida IWFning vaqtincha prezidenti bo‘lgan va lavozimidan chetlatilgan amerikalik Ursula Papandrea, AQSH og‘ir atletika federatsiyasi rahbari Paula Aranda, 2013 va 2017 yilgi prezidentlik saylovlarida qatnashgan italiyalik Antonio Urso, Xitoy og‘ir atletika assotsiatsiyasi prezidenti Szinciang Jou, eronlik Ali Moradi, singapurlik Tom Liau Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi yetakchiligi uchun kurash olib borishi belgilandi.  

Ular safida rossiyalik Maksim Agapitov ham bo‘lishi mumkin. Faqat u Sport arbitraj sudiga (CAS) taqdim etgan apellyatsiyada g‘alaba qozonsagina nomzodlar qatoriga qo‘shiladi. Bundan tashqari, Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasining bosh kotibligi, g‘aznachiligi, vitse-prezidentligi hamda boshqa lavozimlar bo‘yicha ham saylovlar bo‘lib o‘tadi.  

Da’vogarlar ro‘yxatiga ko‘ra, 16 nafar nomzod bosh kotib va g‘aznachilik, 33 nafar vitse-prezidentlik va 46 nafari esa IWFning direktorlar kengashidagi o‘rni uchun kurashadi.  

Aytish lozimki, Albaniyada o‘tadigan saylovlar natijasida IWF prezidenti, Bosh kotib va g‘aznachi, 5 nafar vitse-prezident, 10 nafar kengash a’zosi, 5 ta qit’a federatsiyasi prezidenti Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi ijroiya kengashidagi o‘rinlarni egallaydi.  

To‘lqin Ro‘ziyev,  O‘zA