Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Og‘ir atletika: O‘zbekiston "Los-Anjeles-2028" saralash musobaqasiga mezbonlik qiladi
12:32 / 2026-01-23

Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF) Ijroiya qo‘mitasining Zoom platformasi orqali o‘tkazilgan yig‘ilishida "Los-Anjeles-2028" yozgi Olimpiya o‘yinlari uchun yo‘llanma beruvchi saralash musobaqalariga mezbonlik qiladigan mamlakatlar nomi e’lon qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Sport vaziri o‘rinbosari, mamlakat og‘ir atletika federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari, IWF Ijroiya qo‘mitasi a’zosi Shahrillo Mahmudov qatnashgan yig‘ilish davomida qator masalalar muhokama qilinib, 2028 yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlari uchun yo‘llanma beruvchi saralash musobaqalariga mezbonlik qilishga da’vogar mamlakatlar ko‘rib chiqildi.

Yig‘ilishda musobaqalarni tashkil etish, mezbon mamlakatlarga qo‘yiladigan talablar hamda saralash jarayonlari atroflicha muhokama qilindi. Muhokamalar, delegatlarning takliflari asosida Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi (IWF) Ijroiya qo‘mitasi a’zolari tomonidan O‘zbekiston nomzodi bir ovozdan ma’qullandi.

Shuningdek, saralash musobaqalariga mezbonlik qilish huquqini O‘zbekistondan tashqari Qatar, Peru, Venesuela hamda Tailand mamlakatlari qo‘lga kiritdi.

Aytish lozim, "Los-Anjeles-2028" Olimpiya o‘yinlariga litsenziya beruvchi saralash musobaqalari beshta mamlakatda o‘tkaziladi. Ulardan biriga mezbonlik qilish huquqining O‘zbekistonga topshirilgani mamlakatimizning xalqaro sport maydonidagi obro‘-e’tibori, yuqori tashkiliy salohiyati hamda og‘ir atletika yo‘nalishida erishilgan yutuqlarining yaqqol e’tirofidir.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA