Poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida og‘ir atletika bo‘yicha davom etayotgan Osiyo chempionati bahslarida Shimoliy Koreya terma jamoasi a’zolari oltin medallarni qo‘lga kiritmoqda. Bugun, 6 fevral kungi musobaqalarda ham ushbu mamlakat vakillari oltin medalli bo‘ldi.
Ayollar o‘rtasida 64 kilogrammdagi bellashuvlarda Shimoliy Koreya vakili Pi Suk (112+141) 253 kilogramm bilan 1-o‘rinni, Xitoy Taypeyi sportchisi Li Vei Xia (85+118) 203 kilogramm bilan 2-o‘rinni, Janubiy koreyalik Park Min Kyung (86+116) 203 kilogramm bilan 3-o‘rinni egalladi.
O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Ozoda Hojiyeva (85+107) 192 va Shahnoza Jabborova (84+100) 184 ko‘rsatkichga erishib, 6 va 7-o‘rinlardan joy oldi.
Erkaklar o‘rtasida 73 kilogramm vaznda kechgan bahslarda terma jamoamiz a’zolaridan Muhammadqodir Toshtemirov (146+170) 316 kg (9-o‘rin), Doston Yoqubov (146+184) 330 kg (4-o‘rin) natijalarni qayd etdi.
Aytish lozim, hamyurtlarimizning dast ko‘tarish va siltab ko‘tarishdagi natijalari Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasidagi reyting ballarini yaxshilashga xizmat qilganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Ushbu vaznda indoneziyalik Rahmat Irvin Abdulla siltab ko‘tarishda 204 kilogramm toshni bo‘ysundirgan holda o‘ziga tegishli Osiyo va jahon rekordini yangilash bilan ikkikurash natijasiga ko‘ra, oltin medal sohibi bo‘ldi. Hamyurti Rizqi Junainshaxga kumush, yaponiyalik Masanori Miyomotoga bronza medali nasib qildi.
Ertaga, 7 fevral kuni qit’a chempionatining navbatdagi dasturida og‘ir atletikachilarimizdan Mashhura Rustamova va Rigina Adashboyeva bahslarga kirishadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA