English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Og‘ir atletika: Olimpiya chempionlari o‘rinlar taqsimotini o‘zgartirishi mumkin
10:03 / 2022-09-15

Shu kunlarda Chirchiq shahrida og‘ir atletika bo‘yicha olimpiya o‘yinlari, jahon va qit’a chempionati g‘oliblari bo‘lgan bir qator nomdor sportchilar ishtirokida O‘zbekiston kubogi bahslari bo‘lib o‘tmoqda.

Kecha musobaqaning tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Unda sportni rivojlantirish vaziri o‘rinbosari Shaxrullo Mahmudov, O‘zbekiston og‘ir atletika federatsiyasi vitse-prezidenti, professor Rashid Matkarimov ishtirok etib, mazkur musobaqaning ahamiyati xususida so‘z yuritdi. Kubok bahslari tajribali sportchilar uchun o‘z imkoniyatlarini yana bir bor nazoratdan o‘tkazish imkonini beradi. Yoshlar uchun katta sport maydoniga qadam qo‘yish yo‘lakchasi bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi. 



Ortda qolgan bellashuvlar natijasida o‘g‘il bolalar o‘rtasidagi 45, 49, 55, 61, 67, 73 kilogramm vaznlarda g‘olib va sovrindorlar aniqlandi. Qizlar orasida 45, 49, 55, 59 kilo og‘irlikda kuchlilar saralab olindi. 

Medallar jamg‘arishda hozircha Namangan, Samarqand, Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoalari yetakchilik qilmoqda. Xorazm va Toshkent viloyati vakillari keyingi o‘rinlardan joy olmoqda. 

O‘zbekiston kubogining yaqin kunlardagi bahslariga Olimpiya o‘yinlari g‘oliblari Ruslan Nurudinov va Akbar Jo‘rayevlar qo‘shilishini nazarda tutsak, bosh sovrin uchun kurashlar hali oldinda ekanligini anglash qiyin emas. Shu jihatdan musobaqalar yakunida jamoalarning medallar sarhisobidagi joylashuvi o‘zgarishi ehtimoldan yiroq emas. 

Kubok bahslari 17 sentyabrga qadar davom etadi. 

To‘lqin Ro‘ziyev,  
O‘zA