Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida og‘ir atletika bo‘yicha davom etayotgan jahon chempionatining kecha, 11 sentyabr kungi bahslari hamyurtlarimiz uchun omadli o‘tdi.
Jahon chempionatining 81 kilogrammgacha bo‘lgan ishtirokchilari orasida kechgan kurashlarda hamyurtimiz Muhammadqodir Toshtemirov o‘z sport faoliyatida yangi yuksalishga erishdi.

Andijon og‘ir atletika maktabi tarbiyalanuvchisi M.Toshtemirov dastlab dast ko‘tarish bahslarida dunyoning eng kuchli sportchilarini dog‘da qoldirishga muvaffaq bo‘ldi. U dast ko‘tarishda 164 kilo natija qayd etdi va haqli ravishda oltin medalni qo‘lga kiritdi. Uning ta’qibchilari bo‘lgan Yevropa chempioni Oskara Reyes(163), indoneziyalik Raxmat Ervin (145), belaruslik Bochidar Andreyev (154), qozog‘istonlik Elaman Seitkaziy (154), albaniyalik Qeramaj Yerkand (156), turkmanistonlik Gaygisiz Torayev (150)ni katta farq bilan ortda qoldirishga erishdi.
Toshtemirov siltab ko‘tarishda 188 kilo ko‘rsatkichga erishdi va beshinchi o‘rindan joy oldi. Ikki kurash natijasiga ko‘ra, 352 kilogramm bilan azaliy raqiblari italiyalik Oskara Reyes va indoneziyalik Raxmat Ervindan keyingi uchinchi pog‘onani egalladi.

Ar-Riyodda o‘tayotgan chempionatda oltin va bronza medaliga ega chiqqan Muhammadqodir Toshtemirov musobaqaning sovrinlarini qabul qilish bilan birga “Parij-2024” Olimpiadasi yo‘lida muhim reyting ochkolariga ham ega chiqqani ahamiyatli bo‘ldi.
Sportchilarni taqdirlash marosimida Xalqaro og‘ir atletika federatsiyasi mutasaddilari qatori O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar siyosaiti va sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov ham ishtirok etdi.

Aytish lozim, jahon chempionatining 81 kilogramm og‘irlikdagi ishtirokchilar orasida oltin medalni qo‘lga kiritgan Oskara Reyes asli kubalik sportchi bo‘lib, hozirda Italiya sharafini himoya qilib kelmoqda. Musobaqada 2-o‘rindan joy olgan indoneziyalik Raxmat Ervin o‘tgan yili dekabr oyida Kolumbiyada o‘tgan jahon chempionatida 73 kilogramm og‘irlikda oltin medalni qo‘lga kiritgan edi. Bu safar vaznini bir pog‘ona ko‘targan holda kumush medal bilan kifoyalandi. Aynan ushbu sportchi Muhammadqodir uchun Osiyo o‘yinlaridagi asosiy raqiblardan biri bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas.
Yuzdan ziyod davlatning 700 nafarga yaqin sportchilari ishtirok etayotgan chempionatning bugun, 12 sentyabr kungi dasturida sportchi ayollar 71 kilogrammda, erkaklar 96 kilogrammda medallar uchun kurash olib boradi.
Chempionat 17 sentyabrga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA