Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Og‘ir atletika: Jahon chempionati bashoratlar maydoni emas
10:51 / 2021-12-10

Poytaxtimizda og‘ir atletika bo‘yicha 86-jahon chempionati kutilgan va kutilmagan natijalari bilan davom etmoqda.

Xabar berganimizdek, kecha 9 dekabr kuni ayollar o‘rtasida 55 kilogrammda hamda erkaklarning 61 kilo og‘irliklarida chempionatning g‘olib va sovrindorlari ma’lum bo‘ldi.

“Yunusobod” sport maydonida 61 kilogramm og‘irlikda garchi dunyo og‘ir atletikasining yetakchilari bo‘lgan amaldagi jahon chempioni xitoylik Li Fabin va indoneziyalik olimpiya o‘yinlari kumush medal sovrindori Eko Yuli Iravan qatnashmayotgan bo‘lsa-da, musobaqalar kutilganidek murosasiz o‘tdi.

Ushbu vaznda mutaxassislarning bashorati o‘zini oqlamadi. Ya’ni, ushbu vaznda turkmanistonlik Mirzayev va gruziyalik Ramini Shaminishvili va Shota Mishvelidzening imkoniyatlari yuqori baholangan edi. Ammo, jahon chempionati bashoratlar maydoni emasligini Janubiy Koreya hamda Saudiya Arabistoni sportchilari isbotlashdi. 61 kilogramm vaznda ikkikurash natijasiga ko‘ra, 288 kilogramm og‘irlikdagi toshni buysindirgan janubiy koreyalik Rok Shin oltin medalga ega chiqqan bo‘lsa, kumush medal gruziyalik Shota Mishvelidzega, bronza esa saudiya arabistonlik Al Salem Sirajga nasib etdi.

Aytib o‘tganimizdek, 55 kilogramm og‘irlikdagi bahsda hamyurtimiz 18 yoshli Jamila Panfilova ikki kurash natijasiga binoan 188 kilogramm natija bilan 15-o‘rinda qayd etdi. Mazkur vaznda sovrinli o‘rinlardan tunislik Gufran Belkxir(203), nigeriyalik Adenike Adijat Olarinoye (203) va ukrainalik Svitlana Samulyakka(201) joy olishdi.

Bugun, 10 dekabr kuni jahon chempionatining to‘rtinchi kun dasturiga binoan 59 kilogrammda ayollar o‘rtasida saralash musobaqalari tashkil etiladi. Erkaklar 67 va 73 kilogramm vaznlarda jahon chempionatining medallari uchun kurashga kirishadi.

E’tiborlisi, bugun, kunning ikkinchi yarimida 67 kilogramm vaznda O‘zbekiston terma jamoasining ikki nafar a’zosi – Adhamjon Ergashev va Dostonbek Yoqubov sovrinli o‘rinlar uchun 86-jahon chempionatining supasiga ko‘tariladi.

To‘lqin Ro‘ziyev, 
O‘zA