Bugun tongda og‘ir atletika bo‘yicha 6 nafar sportchidan iborat O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Gretsiyaning Iraklion shahrida yoshlar o‘rtasida o‘tadigan jahon chempionatida qatnashish uchun jo‘nab ketdi.
Joriy yil 2—10 may kunlari o‘tadigan nufuzli musobaqada Vatanimiz sharafini 73 kilogrammda Og‘abek To‘xtayev, 89 kg. og‘irlikda Hojiakbar Olimov, 102 kg.da Sharofiddin Amriddinov, +109 kg.da Mirhosil Mirzaboyev hamda ayollar o‘rtasidagi bahslarda Jamila Panfilova(55) va Tursunoy Jabborova(87) himoya qilishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 23—31 may kunlari poytaxtimiz mezbonligida o‘tgan yoshlar o‘rtasidagi jahon chempionatida O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi umumiy hisobda 14 ta medalni qo‘lga kiritgandi. Shundan 7 tasi oltin medallar shodasi bo‘lgandi.
Gretsiyada o‘tadigan jahon birinchiligida vakillarimiz Toshkentdagi natijalarni takrorlay olishadimi, degan savol ko‘pchilikni qiziqtirishi tabiiy. Aytish lozim, mamlakatimizda o‘tgan jahon chempionatida terma jamoamiz mezbon davlat sifatida 14 nafar sportchi bilan bahslarda qatnashgandi. Yunonistondagi bellashuvlarda esa ular 6 nafar.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA