Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Og‘ir atletika: Chirchiqda shiddatli bahslarga guvoh bo‘lamiz
17:20 / 2022-09-08

Sport musobaqalari shiddatli bellashuvlari bilan ajralib turadi. Ayniqsa, og‘ir atletika bo‘yicha o‘tkaziladigan musobaqalarda polvonlarning toshlar soniga yangi toshlar og‘irligini qo‘shish orqali raqibini yangi-yangi marralarni zabt etishga chorlashi bahslarning murosasizligini, ishqibozlar qiziqishini oshiradi.

Joriy yilning 12-17 sentyabr kunlari Chirchiqda o‘tadigan yilning eng muhim og‘ir atletika musobaqalaridan biri bo‘lgan O‘zbekiston kubogi ayni ko‘rinishda o‘tishi shubhasiz.

Boisi, bu galgi kubok uchun kurashlar nafaqat jamoalar o‘rtasida, balki dunyo og‘ir atletikasiga o‘zbek sporti muhrini bosgan Ruslan Nurudinov, Akbar Jo‘rayev, Doston Yoqubov, Adhamjon Ergashev, Tursunoy Jabborova kabi chempionlar qatori o‘nlab yosh va iste’dodli og‘ir atletikachilar o‘rtasida kechadi. Shu jihatdan ham ushbu musobaqaga qiziqish yurtimizdagina emas, yaqin xorij mamlakatlarida ham yuqori.

O‘zbekiston kubogining yana bir ahamiyatli tomoni terma jamoa murabbiylari joriy yilning 6-16 oktyabr kunlari Bahrayn davlatida o‘tadigan Osiyo chempionatida O‘zbekiston sharafini himoya qiladigan kuchli sportchilar tarkibini aniqlaydi.

Kubok musobaqalarini o‘tkazish tashkiliy qo‘mitasiga kelib tushgan talabnomalarga binoan hozircha unda mamlakatimiz hududlaridan 250 nafar sportchi qatnashish istagini bildirgan. Ularning 104 nafari xotin-qizlar bo‘lsa, 146 nafarini o‘g‘il bolalar tashkil etmoqda.

Chempionat dasturiga muvofiq, 12 sentyabr kuni musobaqa hakamlari uchun seminar hamda ishtirokchi jamoa vakillariga mandat komissiyasining yig‘ilishi tashkil etiladi. 13 sentyabr kuni O‘zbekiston kubogining rasmiy ochilish marosimi hamda kubok bahslariga start beriladi.

Nomdor sportchilarimiz – Ruslan Nurudinov va Akbar Jo‘rayev musobaqalarga 16 sentyabrdan kirishadi. Doston Yoqubov va Adhamjon Ergashev esa 14 sentyabr kuni medallar uchun kurash olib boradi.

Eslatib o‘tamiz, Akbar Jo‘rayev +109 kilogramm og‘irlikda supachaga ko‘tarilsa, Ruslan Nurudinov 109 kilo og‘irlikda kubok uchun “jang” olib boradi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA